Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaror noto‘g‘ri bo‘lsa, fuqaroda nima ayb? Adliya vazirligi «snos»lar bo‘yicha izoh berdi

Qaror noto‘g‘ri bo‘lsa, fuqaroda nima ayb? Adliya vazirligi «snos»lar bo‘yicha izoh berdi

Deylik, Siz tuman hokimining qarori bilan ajratilgan yerda uy qurdingiz va unga mulk huquqini tasdiqlovchi barcha hujjatlarni oldingiz. Keyinchalik Sizga yer noqonuniy berilganligi vaj qilinib, qaror bekor bo‘lishi va uyingiz buzilishi ma’lum qilindi.

Vaholanki, Siz hokimiyat va boshqa idoralar to‘g‘ri ishlashiga va ular bergan hujjatlar qonuniyligiga ishonib uy qurgansiz, qonunbuzilishlarga hech qanday aloqangiz yo‘q. Nega endi Siz zarar ko‘rishiningiz kerak, bu «aybsiz aybdor bo‘lish» emasmi?

Huquqiy yechim qanday?

Yuqoridagi kabi yoki har qanday davlat organi hujjatiga yoki mansabdorning harakati qonuniy bo‘lishiga fuqarolarning ishonchi himoyalanishi kerak. Bu ishonch buzilsa, fuqaroga barcha zararlar davlat organi tomonidan qoplanishi lozim.

Huquq tizimida bu ishonchni himoya qilinishi prinsipi deb nomlanadi. Uning g‘oyasi davlat organining fuqarolar oldidagi mas’uliyatini oshirish, mansabdorlarning qonunsiz harakat qilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ma’muriy munosabatlarda fuqarolar huquqi ustuvorligini ta’minlashdir.

Mazkur prinsip Konstitutsiyamizning fundamental g‘oyalari – davlatning xalq manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldida mas’ulligi, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishiga to‘la mos keladi.

Konstitutsiyaning 15-moddasida davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘rishi belgilangan. Bu qoidani kim buzsa, u javobgar bo‘ladi hamda huquqi buzilgan tomonning zararini qoplaydi. Chunki qonunlarga davlat organi ham mansabdor ham fuqaro ham birdek rioya qilishi kerak.

Davlat organi va mansabdorlarning fuqarolar va yuridik shaxslar bilan ma’muriy munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solingan.

Qonunning 16-moddasida vijdonan harakat qiluvchi fuqaro yoki yuridik shaxsning davlat organi qaroriga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanishi belgilangan.

Prinsip qanday ishlaydi?

Ishonchni himoya qilinishi prinsipini qo‘llashda davlat organi yoki mansabdor shaxs quyidagi qoidalarga rioya qilishga majbur:

— agar fuqaro vijdonan harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini bajargan bo‘lsa, uning rasmiy tartib-taomillarga rioya qilmaganligi uning huquqini ta’minlashni rad qilishga asos bo‘lmaydi;
— fuqaroning taqdim etgan hujjatlaridagi ma’lumotlar aksi isbotlanmagunicha davlat organi tomonidan ishonchli deb hisoblanadi;
— fuqaroning ishi bo‘yicha qonun hujjatlaridagi noaniqliklar yoki qarama-qarshiliklar uning foydasiga talqin qilinadi;
— ishonchni himoya qilinishini davlat organi yoki mansabdor o‘z ixtiyoriga ko‘ra ta’minlashi kerak.

Qonunning 59-moddasiga ko‘ra ishonchni himoya qilinishi lozim bo‘lgan vaziyatlarda, hujjati (qarori)ni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi faqat sud tartibida ko‘rib chiqiladi.

Qachon prinsip qo‘llanilmaydi?

Ishonchini himoya qilinishi prinsipi quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:

— fuqaro davlat organi qarori bilan bog‘liq qo‘shimcha majburiyatlarni bajarmasa;
— fuqaro davlat organi qarori asosida o‘ziga berilgan mol-mulkdan maqsadiga muvofiq foydalanmagan bo‘lsa;
— fuqaro davlat organi qarorining qonunga zid ekanligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan taqdirda;
— davlat organi qarori mansabdor shaxsga qandaydir yo‘llar bilan ta’sir o‘tkazish (tahdid qilish, aldash va boshqa.) orqali qabul qilingan bo‘lsa;
— qonunda fuqarolar ishonchining himoyasi hisobga olinmagan holda davlat organi qarorini bekor qilish nazarda tutilgan bo‘lsa.

Masalan, fuqaro mansabdorga pora berib yer uchastkasini olishga erishgan bo‘lsa va bu sudning hukmi bilan isbotlangan bo‘lsa, bunday fuqaroga nisbatan ishonchni himoya qilinishi prinsipi qo‘llanilmaydi.

Fuqaro qonunga zid harakat qilganligi aniq bo‘lgan har qanday holatda ishonchni himoya qilinishi prinsipi qo‘llanilmaydi.

Zarar qanday qoplanadi ?

Davlat organi qaroriga yoki mansabdor shaxsning qonuniy ishlashiga ishongan holda harakat qilishi oqibatida manfaatdor shaxslar ko‘rgan zarar to‘liq hajmda, ushbu davlat organining budjetdan tashqari mablag‘i, ularda mablag‘ bo‘lmaganda esa Respublika budjeti hisobidan qoplanadi. Zararni qoplash sudning qarori bilan aybdor mansabdor shaxsga ham yuklatilishi mumkin.

Buning uchun fuqaro qonunga zid deb topilgan davlat organi qarori bekor qilinganligi haqida xabar topgan vaqtdan boshlab bir yil ichida sudga murojaat qilishi lozim.

Agar davlat organi qarorini ixtiyoriy ravishda ijro qilishga rozi bo‘lsa hamda bu bo‘yicha harakatlarni amalga oshirishni boshlasa, qarorni majburiy ijro qilishga qaratilgan choralar (penya hisoblash, majburlash va boshqa.) qo‘llanilmaydi.

Xulosa o‘rnida

Ishonchni himoya qilinishi prinsipini amalda qo‘llanilishi fuqarolarning davlatga, uning siyosatiga, qonunlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi huquqiy vositadir va aksincha bo‘lganda davlatning fuqaro oldidagi obro‘sini pasayishiga olib keladi.

Davlat organlari va mansabdorlar o‘z kamchiligini o‘zi to‘g‘irlashi va fuqaro huquqi ustuvorligini ta’minlashi mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan samarali boshqaruv tizimini shakllantiruvchi asosiy omildir.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring