Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qanday ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi?

Qanday ishlar majburiy mehnat hisoblanmaydi?

Qonunchilikda majburiy mehnat – biror-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash hisoblanadi. Ya’ni hech kim shaxsni ishdan bo‘shatib yuboraman, oyligingni kamaytiraman, lavozimingni tushiraman va hokazo tahdidlar bilan majburiy mehnatga jalb qilishga haqli emas.

Majburiy mehnat va uning uchun javobgarlik masalalari bo‘yicha joriy yil 8 sentyabr kuni Adliya vazirligining «Adliya bilan muloqot»  guruhida va uning Youtubedagi  sahifasida «On-line»  muloqot  o‘tkazildi.

Muloqotda Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi loyihasi bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlar, qanday ishlar majburiy mehnat hisoblanishi va majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik masalalari bo‘yicha tushuntirish berishdi.

Jumladan, ishga jalb qilishni majburiy mehnat deb baholash uchun shaxsning ushbu ishni basharishga bo‘lgan munosabati asosiy mezon hisoblanishini, harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosidagi ishlar, favqulodda holat yuz bergan sharoitlardagi ishlar, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan qo‘llanadigan ishlar va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmasligini hamda umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat Prezidentning tegishli hujjati yoki Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lishi lozimligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralari haqida to‘xtalib, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash Ma’muriy javobgarldik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan BHM ning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima, ushbu qilmish voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa BHMning 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima, agar ushbu harakat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishga olib kelishini aytishdi.

Muloqot davomida fuqarolarning ish vaqtidan tashqari ish bilan majburiy mehnat o‘rtasidagi farqlar nimada ekanligi, majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha qaysi davlat organiga murojaat qilishi kerakligi, majburiy mehnat uchun qanday jazo choralari qo‘llanilishiga oid savollariga vazirlik xodimlari tomonidan javoblar  berildi.

Shuningdek, muloqotda fuqarolar yangi tahrirda qabul qilinayotgan Mehnat kodeksi loyihasi bo‘yicha o‘z takliflarini, jumladan, majburiy mehnat yuz berganda rahbar javobgarlikka tortilishi, lekin majburiy ravishda bajarilgan ish uchun xodimning mehnat haqi masalasi ochiq qolib ketishi hamda xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan mehnat shartnomasiga majburiy mehnatga oid normalarni kiritish kerakligini aytib o‘tishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring