Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Plastik kartalardan pul o‘g‘riligi uchun jazo og‘irlashtirilmoqda

Plastik kartalardan pul o‘g‘riligi uchun jazo og‘irlashtirilmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalari bank plastik kartochkalaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev xabar berdi.

«Ayrim nopok shaxslar tomonidan elektron to‘lov vositasidan yoki masofiviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalangan holda  firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir etish holatlari kuzatilmoqda.

Agar  2020 yilda ushbu turdagi huquqbuzarliklar yuzasidan ichki ishlar organlariga 965 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2021 yilda bunday murojaatlar qariyb ikki barafarga ko‘payib, 1601 tani tashkil etdi.

Birgina 2021 yilda bank plastik kartochkalaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlash yuzasidan jami 610 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, fuqarolarga 4 mlrd. 495,5 mln. so‘m zarar yetkazilgan.

Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga muvofiq bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalariga qo‘shimcha kiritish taklif qilinmoqda. Qonun loyihasida ushbu turdagi jinoyatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash va jazoni yanada kuchaytirish taklif qilinmoqda», deb yozadi Qodir Jo‘rayev.

Qayd etilishicha, qonun qabul qilingan taqdirda:

  • firibgarlik jinoyati axborot texnologiyalaridan yoki elektron to‘lov vositasi yohud masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • o‘g‘rilik esa axborot tizimiga ruxsatsiz kirib yoki elektron to‘lov vositasi yohud masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring