O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Oilaviy zo‘ravonlikni hech qanday sharoitda oqlab bo‘lmaydi, chunki u insonning asosiy huquqlariga (hayoti, sog‘ligi, sha’ni, qadr-qimmati, erkinligi) daxl qiladi. Zo‘ravonlik faqat jismoniy kuch ishlatish bilan emas, ruhiy, axloqiy, iqtisodiy va maishiy bosim ko‘rinishlarida namoyon bo‘lishi va oilaning har qanday a’zosiga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Haqoratlash, majburlash, zo‘rlash, iqtisodiy cheklovlar qo‘yish, muntazam ruhiy qiynoqqa solish kabi holatlar ham zo‘ravonlik sifatida baholanadi. Qonun fuqarolarni zo‘ravonlikning har qanday turidan himoyalaydi.
Oilaviy zo‘ravonlik nima?
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida «oilaviy-maishiy zo‘ravonlik» atamasiga izoh berilmagan. Ammo xalqaro miqyosda bu termin keng qo‘llanadi. Oilaviy zo‘ravonlik faqat bir mamlakat va millatga xos illat emas, u bilan butun dunyo kurashib keladi. Shuning uchun ta’rifni xalqaro manbalardan keltiramiz.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik — oilaning bir a’zosiga nisbatan boshqa bir a’zosi yoki a’zolarining muntazam davom etib keluvchi, takrorlanib turuvchi zo‘ravonligidir va u asosan oila ichida ro‘y beradi. Jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlik kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Jahon miqyosidagi statistika va umumiy tendensiyalarga nazar tashlasangiz, oilaviy zo‘ravonlikdan asosan ayollar va bolalar jabr ko‘rayotgani ma’lum bo‘ladi. Lekin bu mutlaq xarakterga ega emas, ya’ni oilada erkak kishining ham ayoli yoki ota-onaning farzandlar yoxud boshqa oila a’zolari tomonidan ruhiy bosim ostida yashab kelishi kuzatiladi. Bu ham oilaviy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi sanaladi. Chunki, mazkur holatda shaxsning birlamchi huquqlari buziladi, natijada jabrlangan shaxs jiddiy psixosomatik kasalliklar orttirishi yoki boshqa ayanchli holatlari ro‘y berishi mumkin.
Oilaviy zo‘ravonlikning eng og‘ir oqibatlaridan yana biri farzandlar ruhiy holati va axloqiga yetkaziladigan jiddiy zarardir. Ko‘pincha, bolalarning o‘zi ham oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi. Kichik yoshdagi bolalarda oilaviy-maishiy zo‘ravonlik oqibatlari turli kasalliklar shaklida namoyon bo‘lsa, o‘smir yoshdagilar orasida u hol suitsid holatlariga olib kelishi ham kuzatiladi.
Bundan tashqari, tarang munosabatlar, notinchlik, beqarorlik, muntazam xavotir va qo‘rquv tuyg‘usi tufayli bolalar tarbiyasida va ruhiyatida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bu kelajakda salbiy oqibatlarga olib kelishi shubhasiz.
Bizning mentalitetda oila oliy qadriyat sanaladi. Farzandlar kattalarga hurmat, an’analarga sodiqlik ruhida tarbiyalanadi. Biroq shu o‘rinda bola huquqi va shaxs erki masalalari e’tibordan chetda qoladi. Vaholanki, O‘zbekiston hududida tug‘ilgan har bir bola hayotining ilk daqiqalaridanoq qonun himoyasidadir.
Shu sababli «oilaviy zo‘ravonlik» atamasiga ta’rif berilganda qamrovni kengroq olish lozim bo‘ladi.
Oilaviy zo‘ravonlik sabablari nimada?
Har bir oilaviy zo‘ravonlikning o‘ziga yarasha sabablari bor. Ammo ularga olib keluvchi omillar qator umumiylikka ega.
O‘zbekiston sharoitida oilaviy zo‘ravonlikni xarakterlovchi quyidagi asosiy xususiyatlar farqlanadi:
a) zo‘ravonning jismonan kuchliligi (ko‘pincha erkakning ayolga, ota-onaning farzandga nisbatan zo‘ravonligi);
b) zo‘ravonlikning bir shaxsga nisbatan ko‘pchilik bo‘lib sodir etilishi (uchinchi shaxslarning aralashuvi);
v) jabrlangan shaxsning muammo bilan yolg‘iz qolishi (huquqiy savodsizlik, ijtimoiy yolg‘izlik);
g) jabrlangan shaxsga huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish mexanizmining zaifligi;
d) sabablar emas, vaziyatlar bilan shug‘ullanish (vaqtinchalik yarashtirib qo‘yish, muammoni lokal hal qilish, tub sabablarni o‘rganmaslik).
Yaqinda hududlarimizdan birida ayollar (asosan kelinlar) o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda ishtirok etganlarning 14 foizi oila a’zolari tomonidan kamsitilishi va eri tomonidan haqoratlanishini, 9 foizi oilada kuch ishlatilgani yoki kaltaklanganini ma’lum qilishgan.
Oilada zo‘ravonlik va kamsitishlarga uchrayotgan ayollarning asosiy qismi hayotida moddiy va maishiy qiyinchiliklar mavjudligi, turmush o‘rtog‘ining ichkilikka ruju qo‘yganligi va ro‘zg‘orga mas’uliyatsiz ekanligini bildirishgan.
Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qiyin iqtisodiy va maishiy sharoitda oiladagi ichki muhit ham zo‘ravonlikka olib kelishi, bu esa, o‘z navbatida, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvorni yuzaga keltirishi mumkin.
Nima uchun oilaviy zo‘ravonlikka barham berish qiyin?
Sabablarni mushohada qilganda, mentalitetga xos xususiyatlarni e’tibordan qochirmaslik lozim. O‘zbek oilalarida shaxsiy hayot, oilaviy sir – muqaddas va xalqimiz bu ma’noda ancha konsertiv hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda ko‘pchilik holatlarda oiladagi zo‘ravonlik oiladan tashqariga chiqmaydi.
O‘zbek oilalari odatda ko‘p a’zolik, ya’ni nafaqat er va xotin, balki ularning qarindoshlari ham munosabatlar zanjirida muhim rol o‘ynaydi. Qaynona, qaynota va boshqa qarindoshlarning oiladagi kelinga zulm qilishi, uning so‘zsiz bo‘ysunishini, hech qanday imtiyozlar talab qilmasligini istashi yoki ota-onaning farzandga, kelinlarning betob qaynona yoki qaynotaga bosim o‘tkazishi kabi holatlar kuzatiladi. Afsuski, ana shu vaziyatlar aksar hollarda javbrlanuvchining o‘z joniga qasd qilishiga yoki oxirgi, kritik nuqtaga yetib borguncha zulmga bardosh berib, jiddiy tan jarohatlari, ruhiy zarbalar olishiga, sog‘lig‘ini tiklanmas darajada yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.
Qolaversa, jamiyatda birovning ichki ishiga aralashmaslik, o‘z tinchini o‘ylash, muammoga beparvolik va toqatlilik holatlar mavjud. Oilaviy zo‘ravonlik nazoratdan chiqib, muammo kattalashgach, qilingan murojaatlar ko‘pincha uchastka noziri yoki mahalla fuqarolar yig‘inida tezda yopiladi, sabablar o‘rganilmaydi, faqat o‘sha vaziyatning o‘zigagina taalluqli, vaqtinchalik choralar bilan cheklanib qolinadi. Natijada muammo chuqurroq ildiz otib boraveradi.
Achinarlisi ko‘pincha jabrlanuvchining o‘zi murojaat qilmaydi yoki ishni javobgarni jazolashgacha olib bormay, da’vosini qaytarib oladi. Jazolanmagan jinoyatlar esa takrorlanishi sir emas.
Boshqarib bo‘lmaydigan, kishi hayotiga xavf tug‘diradigan, uni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazadigan oilaviy zo‘ravonlik katta ijtimoiy muammoga aylanib bormoqda. U bilan davlat miqyosida kurashish lozim.
O‘zbekiston oilaviy zo‘ravonlikka qarshi
O‘tgan yili mamlakat parlamenti birovni o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib kelganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirdi. Ammo bu yurtimizda oilaviy-maishiy zo‘ravonlik borasidagi ahvolni yaxshilashga sabab bo‘ldi, deb aytolmaymiz.
Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonunlar – 2016» deb nomlangan hisobotida aytilishicha, hozirda dunyodagi 46 mamlakatda oilaviy zo‘ravonlikni taqiqlovchi qonunlar yo‘q. Ular orasida MDH hududidagi uch mamlakat – Rossiya, Armaniston va O‘zbekiston ham bor. 2017-yilda Armaniston oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun loyihasini qabul qildi va ro‘yxatdan chiqdi. O‘zbekiston ham hademay bu ro‘yxatdan chiqadi!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyulda imzolangan «Ijtimoiy reablitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Adliya vazirligi oldiga «Maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi, ya’ni muammo davlat rahbari nazoratiga olindi.
Qanday javobgarlik bor?
Oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha qonunchilikka doir jahon tajribasiga nazar solsak, qator e’tiborli faktlarga duch kelamiz. Masalan, Buyuk Britaniyada zo‘ravonlik oilada, uy ichida sodir etilgan bo‘lsa, sudlar buni ishni og‘irlashtiruvchi holat deb baholaydi. Sudlarning hukm chiqarish uchun yo‘riqnomasiga 2006-yili bu haqida maxsus band qo‘shilgan. Shuningdek, oilada zo‘ravonlik amalga oshirilgani haqida arz bilan huquq-tartibot organiga murojaat qilinsa, politsiya gumon qilinayotgan zo‘ravonni 48 soatga shu oila xonadonidan olib chiqib ketishi mumkin.
Oilaviy-maishiy zo‘ravonlik holatlari jinoiy va ma’muriy qonunchilik doirasida tasniflanadi. Zo‘ravonni jazolash nafaqat shu oiladagi muammoga chek qo‘yish, balki butun jamiyatni tarbiyalash uchun kerak. Javobgarlik zo‘ravonlikni tizginlab turuvchi omillardan biri sanaladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda zo‘ravonlikka nisbatan, ya’ni tuhmat, haqorat qilish, fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish, shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, yengil tan jarohati yetkazish hamda mayda bezorilik sodir etganlik uchun eng kam ish haqining bir baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda ma’muriy jarimalar solishga va o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazolari ko‘zda tutilgan.
Har qanday zo‘ravonlikka javobgarlik jinoyatning o‘ziga mutanosib bo‘lishi qonunchiligimizda qat’iy belgilangan.
Jinoyat kodeksida ham zo‘ravonlikka nisbatan, ya’ni qasddan badanga yengil shikast yetkazish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, qiynash va jabrlanuvchiga doimiy ravishda ruhiy bosim o‘tkazib, uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish uchun eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima, ikki yuz qirq soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari, bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash va bir yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yuqorida Buyuk Britaniya tajribasidan keltirilgan misolda zo‘ravonlik oilada sodir etilsa, jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat sifatida qabul qilinishi namoyon bo‘ldi. O‘zbekistonda esa oiladagi zo‘ravonlik yetarlicha baholanmaydi, e’tiborga olinmaydi. Aslida qonun oldida oilaviy rishtalar qandayligidan qat’iy nazar, barcha teng huquqlidir. Ko‘chadagi begona insonni haqoratlash yoki unga tan jarohati yetkazish qanday javobgarlikka tortilsa, oiladagi shaxsga nisbatan zo‘ravonlik ham shunday jazolanadi.
Ayni kunda Adliya vazirligi tomonidan tayyorlanayotgan «Maishiy zo‘ravonlikning oldini olish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasida oilaviy-maishiy zo‘ravonlikka olib keladigan barcha sabablar hamda uning har qanday ko‘rinishlari qamrab olinadi. Endi huquq-tartibot organlari oilaviy zo‘ravonlik haqidagi murojaatlarni qabul qilmaslikka haqqi yo‘q. Har bir holat uchun ma’muriy yoki jinoiy ish ochiladi, hech bir jabrlanuvchi va gumonlanuvchi e’tibordan chetda qolmaydi.
Har bir inson qonun himoyasida. Huquqini bilgan inson esa bu himoyani yaxshi his etadi va undan vaqtida foydalana oladi. Zo‘ravonlikka toqat qilmang. Yo‘q deng va chora ko‘ring. Zero, inson hayoti, sha’ni, qadr-qimmati har narsadan ustun.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter