O‘z avtomashinasi balonini pichoq bilan yorib tashladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor S.B.dan undiruvchi XATB «Davr bank» Yunusobod filiali foydasiga 268 mln 633 ming so‘m undirish va undiruvni garov mulki bo‘lgan «Hyunday Sonata» avtomashinasiga qaratish haqidagi ijro ishi MIB Chilonzor tuman bo‘limiga kelib tushgan.
Ijro harakatlari davrida, fuqaro S.B. ijro ishi va javobgarligi haqida bir necha marotaba SMS-xabarnomalari orqali ogohlantirilgan.
Biroq, ijro ishi talablari bajarilmaganidan so‘ng, davlat ijrochilari tomonidan garovdagi avtotransport vositasi manzili aniqlanib, xatlash ishlari olib borilgan va avtotransport vositasini saqlash uchun fuqaro S.B.ning turmush o‘rtog‘i D.Q.ga topshirilgan.
Ijro ishi hujjatidagi talablari haqida ham fuqaro D.Q. tushuntirish berilgan va ogohlantirilgan.
Shunga qaramasdan, S.B. va D.Q. ijro ishi talablari bajarmasdan, garovdagi avtomashinani davlat ijrochilariga topshirish yoki bank oldidagi qarzdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rishmagan.
Shundan so‘ng, joriy yilning 25 noyabr kuni MIB Chilonzor tuman bo‘limi davlat ijrochilari B.Abdullayev va M.Mirahmedovlar bank xodimlari bilan avtotransport vositasi manzili Olmazor tumani, Niyozova ko‘chasi 3-uy yaqinida ekanligini aniqlashdi va bu haqda ishchi guruhga ma’lum qilishdi.
Voqea joyida bank mutasaddi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda fuqaro D.Q.ga avtomashinani jarima maydoniga olib ketish haqida ma’lum qilinganda, ijro harakatlari amalga oshishini xohlamagan va avtomashinani o‘z ixtiyorida qoldirishni niyat qilgan D.Q. avtomashina yukxonasidan o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘tkir tig‘li pichoqlarni olib, avtomashinaning g‘ildiraklarini yorib tashlagan.
Holat video va foto tasvirlarga olinib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. So‘ngra, avtotransport vositasi maxsus evakuator orqali olib ketilib, saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ammo bu ish ham osonlikcha kechmagan, qarzdor avtomashinani olib ketmasliklari uchun uning ustiga chiqib, old oynasini sindirmoqchi va tosh otmoqchi bo‘lgan.
«Kredit tuhfa yoki sovg‘a emas, undan unumli foydalanilmasa, garovdagi mulk ham boy berilishi mumkin», deyiladi MIB xabarida.
Qayd etilishicha, ayni damda bu kabi reyd va qo‘shma tadbirlar yanada kuchaytirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter