Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oylik beradigan kun yangi yil bayramiga to‘g‘ri kelib qolsa, maosh oldindan to‘lanadimi?

Oylik beradigan kun yangi yil bayramiga to‘g‘ri kelib qolsa, maosh oldindan to‘lanadimi?

Foto: «Asr.uz»

Yangi yil bayramiga sanoqli kunlar qolmoqda. Kimdir oldindan bozorlik qilib qo‘ygan bo‘lsa, ayrimlar yangi yil uchun xaridlarga hali shoshilganicha yo‘q, chunki ishxonadan ruxsat tegmagan yoki oylik maoshni kutmoqda.

Shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: agar oylik oladigan kun yangi yil bayramiga to‘g‘ri kelib qolsa, ish haqi oldindan to‘lanishi kerakmi?

Bu savolning javobini Mehnat kodeksining 161-moddasidan topdik. Unga muvofiq, haq to‘lanadigan kun dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, mehnat haqi shu kun arafasida to‘lanishi belgilangan.

Rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Yangi yil bayrami arafasida 5 kun ketma-ket dam olish kuni belgilanishi kutilmoqda. Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev Feysbukdagi sahifasida yozishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yilda dam olish kunlarini tartibga solishga oid farmon imzolanishi mumkin. Unga ko‘ra, 2-yanvar dam olish kuni deb e’lon qilinishi, 6-yanvardagi dam olish kuni esa 3-yanvarga ko‘chirilishi ehtimoli mavjud. Huquqshunosning qayd etishicha, mazkur holatda quyidagicha ketma-ket 5 dam olish kuni paydo bo‘ladi:

30-31-dekabr — shanba-yakshanba;

1-yanvar — Yangi yil bayrami;

2-yanvar — qo‘shimcha dam olish kuni;

3-yanvar — shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni.

O‘z navbatida, 6-yanvar, shanba ish kuni deb e’lon qilinadi.

X.Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, bu farmon haftasiga rasman 5 kun ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli bo‘ladi. Shanba kuni rasman ishlaydigan xodimlar uchun esa 3 kun ketma-ket, ya’ni 31-dekabr va 1-2-yanvar kunlari dam olish bo‘ladi. Hozircha ushbu farmon ommaga e’lon qilinganicha yo‘q. Ammo manbalarimizning xabar berishicha, hujjat erta-indin chiqishi kutilmoqda. Xo‘sh, mavzkur holatda odatda oyning boshida beriladigan ish haqi qachon to‘lanadi?

Moliya va buxgalteriya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan surishtirganimizda, amaliyotda ish haqi tabelga asosan to‘lanishini, bunda budjet tashkilotlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarining o‘rtasida farq borligini aytib o‘tishdi. Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda ishlovchilarning oyligi tabel to‘ldirilgan kundan to‘lanishi mumkin. Deylik, bunday korxonalar xodimlariga odatda oyning 1-2-sanasida ish haqini to‘lashadi, 2018-yilning 1-2-yanvari dam olish kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, tabelni 31-dekabr kuni topshirishsa, o‘sha kuni bankdan xodimlarining ish haqlarini olishlari mumkin.

Budjet hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlarning, shuningdek, davlat korxonalarida esa amaldagi hujjatlarga ko‘ra ma’lum oy uchun ish haqi kelgusi oyning 1-5-sanasigacha to‘lanishi belgilangan. Shunga ko‘ra, respublikamizda 31-dekabr, 1-3-yanvar kunlari dam olish kuni deb e’lon qilingan taqdirda ham, ish haqini to‘lash uchun yana ikki kun zaxirada qoladi. Shu bois katta ehtimol bilan budjet tashkilotlarida ishlovchilar dekabr oyi uchun ish haqini 2018-yilning 4-5-yanvarida olishlari mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring