«O‘qishni ko‘chirish» 4000 AQSh dollari? Yo‘g‘-ye...
Yaqin xorijda ta’lim olayotgan yoshlarga tahsilni O‘zbekistonda davom ettirish imkoniyati havola etilgani hamono bundan «unumli» foydalanib qolish payiga tushgan shovvozlar paydo bo‘ldi. Ularga ko‘ra, o‘qishga kirmagan yoki kirolmagan ayrim yoshlarni bir zarbda talabaga aylantirib qo‘yish mumkin. Ya’nikim, qo‘shni davlat oliy o‘quv yurtidan «Falonchiyev(a) shu dargoh talabasi» degan bir parcha soxta hujjat olib, shunga asosan rostmona talabaga aylantiriladi. Tekinga emas, albatta.
Samarqand iqtisodiyot instituti dekan o‘rinbosari Sh.I shunday «xizmati»ni 4000 AQSh dollariga baholadi. Uningcha, o‘ziga murojaat qilgan S.A.ning jiyaniga Qozog‘iston Respublikasining oliy o‘quv yurtida go‘yoki o‘qiyotganligi haqida hujjat «to‘g‘rilab», tahsilini Samarqand iqtisodiyot institutiga ko‘chirish mumkin.
- To‘rt ming dollar? Ko‘p emasmi?
- Xohlasangiz shu...
S.A. xohlamadi va to‘g‘ri tegishli organga murojaat qildi. Natijada Bosh prokururatura huzuridagi departament va DXX hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda dekan o‘rinbosari qo‘lga olindi.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter