Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ombudsmanga murojaatlar: ko‘zi 19 marta operatsiya qilingan, kelini bosim o‘tkazgan, vokzalda tunab qolayotganlar...

Ombudsmanga murojaatlar: ko‘zi 19 marta operatsiya qilingan, kelini bosim o‘tkazgan, vokzalda tunab qolayotganlar...

Foto: «Ombudsman»

Joriy yilning 30-sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovaning navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.

100 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan qabul davomida sud-huquq, uy-joy, bandlik, ijtimoiy yordam, aliment, kredit va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushib, nazoratga olindi. Ba’zi murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga tegishli huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Qabul davomida namanganlik murojaatchi, uch yil davomida turmush o‘rtog‘i va kelini tomonidan bosim o‘tkazilgani, janjal chiqarib yosh bolasi bilan uydan haydalgani va hozirda yashashga joyi bo‘lmagani uchun vokzallarda tunab qolayotganini bildirdi. Ombudsman darhol Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi bilan bog‘lanib, ushbu fuqaroni markazga joylashtirilishida yordam berdi.

Farg‘ona viloyatidan Ombudsman qabuliga kelgan murojaatchi birinchi guruh nogironi bo‘lib, u shu kunga qadar 19 marotaba ko‘z jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgan. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, oliy ma’lumotli bo‘lish istagida bo‘lgan ushbu murojaatchi Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishga ballari yetmaganini qayd etib, Ombudsmandan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun OTMga kirish imtiyozlaridan foydalanishda amaliy yordam berishini so‘radi.

Qayd etish lozimki, 2020-yilning 15-oktyabr kuni Davlat rahbari tomonidan imzolangan yangi tahrirdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi Qonun bilan imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq qator masalalar Qonun darajasida belgilandi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional ta’lim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaat nazoratga olinib, nogironligi bo‘lgan murojaatchini oliy ta’lim bilan qamrab olinishi bo‘yicha qonun doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli takliflar kiritilishi belgilab olindi.

Qabul davomida nafaqat murojaatlar, balki qonunchilikni takomillashtirish, jinoyatchilikni oldini olish choralarini kuchaytirish borasida takliflar ham bildirildi. Jumladan, firibgar tuzog‘iga ilinib, ancha miqdorda moddiy zarar ko‘rgan fuqarolardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik bilan qamalgan shaxslarni yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagunicha ozodlikka chiqarmaslik yoki ularga afv qo‘llanmasligi bo‘yicha taklif berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasadarida 6, 7 yoki undan ham ko‘p marotaba firibgarlik bilan qo‘lga tushgan shaxslar saqlanmoqda va ular tegishli xulosa chiqarish o‘rniga firibgarlikni kasb qilib olishmoqda. Firibgarlardan kuyganlar esa zararni undira olmay og‘ir sharoitlarga tushib qolishmoqda. Qabul davomida ushbu taklif o‘rganish uchun qabul qilindi.

Ombudsman shu kuni shaxsiy qabuliga kelgan barcha fuqarolarni qabul qildi.

Ma’lumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) mutaxassislari tomonidan belgilangan jadval asosida dushanba – juma kunlari soat 10:00 dan 13:00 gacha va 15:00 dan 17:00 gacha fuqarolar qabuli o‘tkazilmoqda.

100027, Toshkent shahar Shayxontohur tumani Islom Karimov shox ko‘chasi 16A-uy.

Tel.: 1096, [email protected], www.ombudsman.uz

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring