Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oltin maydalagich tegirmon egalari ushlandi

Oltin maydalagich tegirmon egalari ushlandi

Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi yashash xonadonida oltin zarralari mavjud bo‘lgan toshlarni maydalashga mo‘ljallangan yashirin tegirmon saqlab, uni noqonuniy tarzda elektr tarmog‘iga ulab kelgan shaxs ushlandi.

Holat Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Vobkent tuman bo‘limi hamda «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari ta’minoti korxonasi» aksiyadorlik jamiyati Shofirkon tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda aniqlandi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.

Ta’kidlanishicha, vobkentlik fuqaro R.O. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil etgan. Ustiga-ustak, R.O. tegishli shartnomalar tuzilishini ta’minlamasdan tarkibida oltin zarralari mavjud bo‘lgan toshlarni maydalashga mo‘ljallangan, quvvati 18,5 kV bo‘lgan tegirmonini noqonuniy elektr tarmog‘iga ulab kelgani aniqlangan.

Umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 383,62 kV/soat elektr energiyasidan noqonuiy tarzda foydalangani natijasida davlat manfaatlariga 110 023 200 so‘mlik zarar yetkazgan.

Shofirkon tumanining «Qayrag‘och» mahallasi fuqarosi U.U. ham xuddi shunday noqonuniy holatni sodir etgani aniqlangan. Shofirkon tumani prokurori adliya maslahatchisining holat yuzasidan o‘rganuvlariga ko‘ra, U.U. noqonuniy oltin zarralari toshlarini maydalashga moslashtirilgan tegirmonini 238694,4 kV/soat elektr energiyasi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlangan. Buning oqibatida u davlat manfaatlariga 70 414 848 so‘m miqdorida ziyon yetkazgan.

R.O. hamda U.U.ning hatti-harakatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1852-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, suvdan foydalanish qoidalarini buzish) 3-va 2-qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbuga asosan, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan u yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud, bir yildan ikki yilgacha ozodlikni yeklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Hozirgi kunda har ikki holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda tilla kukuni bor tosh va qumlarni qayta ishlaydigan yashirin sex aniqlangani haqida xabar berilgan edi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring