Oliy sud matbuot xizmati «ziyofatxo‘r sudyalar» bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi
Kuni kecha qator elektron nashrlar va ijtimoiy saytlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari U. To‘xtashevaga tayanib, Toshkent viloyati tarkibiga kiruvchi shaharning ikki nafar sudyasi ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan shaxsning ziyofatida mehmon bo‘lgani, ko‘p o‘tmay ulardan biri mahkumni ozodlikka chiqarganiga oid xabarlar tarqaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud matbuot xizmati turli muhokama va tushunmovchiliklarga oydinlik kiritib, voqelik qachon va qayerda bo‘lgani, sudyalarga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Oliy mahkama matbuot xizmatiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi T. H. va Angren shahar ma’muriy sudining raisi E. P. 2020-yilning 25-may kuni kechki ovqat olib kelish uchun shahardagi oshxonalarning biriga borishgani rost. Buyurtma tayyor bo‘lishini kutishi jarayonida ularga notanish bo‘lgan (keyinchalik Olmaliq shahar sudining 2019-yil 8-apreldagi hukmiga bilan ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan) D. N. kelib, tug‘ilgan kuni munosabati bilan tadbir bo‘layotganini aytadi va sudyalarni ham taklif qiladi.
Taklifni rad qilmagani ortidan «Sudyalarning odob-axloq kodeksi» qoidalari hamda karantin davrida majburiy qoidalar talablarini buzishganligi ularga nisbatan tayinlangan xizmat tekshiruvida aniqlangan.
Sudyalar oliy kengashining 2020-yil 17-iyundagi xulosasiga ko‘ra, har ikki sudyani ma’muriy javobgarlikka tortishga ruxsat, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudlari sudyalari malaka hay’atining o‘sha kungi qarori bilan rozilik berilgan.
Natijada T. H. va E. P. MJtKning 54-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun, ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 669 000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.
Mahkumning ziyofatida mehmon bo‘lgan sudyalarning biri keyinroq go‘yoki uni ozodlikka chiqarganiga oid ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki sudyalarning biri ma’muriy sudda ishlagani uchun unda jinoyat ishlarini ko‘rish vakolati yo‘q. Ikkinchi sudya esa jinoyat ishlarini faqat birinchi bosqich tartibida ko‘rish mumkin. Mahkum D. N.ga nisbatan hukm jinoyat ishlari bo‘yicha Angren emas, Olmaliq sudi tomonidan chiqarilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter