Navoiy. Shifokorni tahqirlagan shaxslar 15 sutkaga «kesildi»
Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida «Tez yordam» shiforkorlari tahqirlangani xabarini bergan edik.
Ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura matbuot xizmati qayd etilgan holat yuzasidan surishtiruv boshlangani, vaziyat Navoiy viloyati prokuraturasi nazoratida ekani haqida bayonot berdi.
Bugun esa mazkur mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga aybdorlar sud tartibida jazoga tortilganini ma’lum qildi.
Uchquduq tumani ma’muriy sudi qaroriga ko‘ra, Kamol Hikmatov (07.03.1987 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, ShKB GTKda chilangar vazifasida ishlaydi, oilali, 2 nafar farzandi bor, muqaddam JKning 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlangan) va Eldor Po‘latov (25.06.1991 yilda Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, ishsiz, buydoq) 15 sutka (har biri - tahr.) ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Bundan tashqari, ularga nisbatan jarima jazosiga ham tayinlangan. Negaki, huquqbuzarlar MJtKning (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks) bir emas, uchta moddasida ko‘rsatilgan qilmishlarni sodir etgani isbotlangan. Jazo esa har bir qilmish bo‘yicha alohida-alohida tayinlandi.
Sud qarorida huquqbuzarlar o‘z qilmishini tan olib, pushaymonlik bildirishgani ta’kidlanadi. Shuningdek, jabrlanuvchi (shifokor) N.Boliqulovga o‘ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar bo‘yicha fuqarolik sudiga murojaat etish huquqi tushuntirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter