Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligi USAID bilan 10 mln dollarlik qo‘shma dasturni amalga oshirmoqda

Adliya vazirligi USAID bilan 10 mln dollarlik qo‘shma dasturni amalga oshirmoqda

Foto: Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugun, 26 fevral kuni Toshkentda AQShning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir  dasturi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda adliya vaziri R.Davletov, USAID va boshqa xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohoti bo‘yicha dasturi (JRUP)ning umumiy miqdori 10 mln AQSh dollaridan oshiq mablag‘ni tashkil etadi. Dastur 3 yillik muddatni o‘z qamrab olgan bo‘lib,  mamlakatimiz hukumatining  qonun ustuvorligini ta’minlash, qonunchilik va sud-huquq tizimini  yanada isloh qilish hamda respublikada  fuqarolik jamiyatini  rivojlantirish kabi sa’y-harakatlarini  qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

«USAID ning O‘zbekistondagi sud-huquq islohotiga doir dasturining amalga oshirilishi o‘tgan yilning 8 iyunida  O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va USAID o‘rtasida imzolangan Qonun ustuvorligini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumida ko‘zda tutilgan. Bu davlatimiz rahbarining AQShga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida  adliya vazirining Vashington shahrida imzolagan kelishuvlarining  mantiqiy davomi bo‘ldi. Memorandum sud-huquq sohasidagi islohotlarini amalga oshirish va implementatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasini qo‘llab-quvvatlashda asos bo‘lib xizmat qiladi»,-deyiladi xabarda.

USAIDning O‘zbekistonda sud-huquq islohotiga doir dasturi Adliya vazirligi hamda turli davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Dastur orqali sud-huquq islohotlari bo‘yicha dunyodagi eng samarali amaliyotlarni joriy etish, yuristlar salohiyatini oshirish  hamda fuqarolik jamiyati institutlari va NTTlar faoliyati uchun qulay muhitni  yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, yuristlar malakasini oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratiladi, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, kutubxonalar, onlay-ta’lim va tadqiqot resurslari imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida AQSh universitetlari bilan sheriklik munosabatlari o‘rnatiladi. Shuningdek, fuqarolar va jamoatchilik ishtirokidagi nazorat mexanizmlarini ishlab chiqish modellarini yaratish va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, axborot bilan ta’minlash va huquqiy islohotlarni monitoring qilish uchun fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari ham rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring