MIBning qisqartirilayotgan xodimlari ishsiz qoladimi?
Davlat rahbarining «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinishi ortidan Majburiy ijro byurosining (MIB) qator vakolatlari qisqaradigan bo‘ldi.
Muxtasar aytsak, yana qirq kundan so‘ng Byuroda tabiiy resurslar bo‘yicha undiruv ishlari taqa-taq to‘xtaydi. MIBning «asosiy armiyasi» aynan kommunal to‘lovlarni undirish bilan band bo‘lgani e’tiborga olinsa, shtat qisqartirilishiga tushadiganlar xodimlar sonini tasavvur qilish qiyin emas. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu byuro xodimlarining yarmidan ko‘pi tizimdan ketishini anglatadi.
Xo‘sh, ularning keyingi taqdiri-chi?
MIB Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Marg‘uba Amonovaga ko‘ra, tizimdagi o‘zgarishlar sabab ko‘plab xodimlar bilan xayrlashishga to‘g‘ri kelayotgani tabiiy holat. Biroq bu, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda aytilayotganidek, shtat qisqartirilishiga tushgan xodimlar ko‘chada qolishini anglatmaydi. Farmonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirilishi bo‘yicha vazifalar tegishli tashkilotlarga («Hududiy elektr tarmoqlari» AJ, «Hududgazta’minot» AJ) o‘tkazilishi munosabati bilan qo‘shimcha jalb qilinadigan xodimlar birinchi navbatda qisqartirilayotgan Byuro xodimlari hisobidan to‘ldirilishi alohida belgilab qo‘yilgan. Demak, ortiqcha vahimaga o‘rin yo‘q.
Shu o‘rinda yana bir nozik masalaki, tabiiy resurslar iste’moli uchun to‘lov undirilishi jarayonida MIB xodimlariga (qarzdorga nisbatan ogohlantirish berishdan boshlab huquqiy ta’sir chorasi ko‘rishgacha) xos huquqlar berilgandi. MIBning qisqartirilayotgan vakolatlariga qo‘shib, ayni huquqlari ham «yangi vorislar»ga o‘tadimi?
Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash va rasmiylashtirish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlarni undirishning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan tartibga solinadi.
Ayni paytda manfaatdor qaror loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Loyiha, farmonda belgilanganidek, bir oy muddatda Prezident Adminstratsiyasiga kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter