Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB xodimlari yana bir ajabtovur holatga duch kelishdi

MIB xodimlari yana bir ajabtovur holatga duch kelishdi

Foto: «YouTube»

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimlari ish jarayonida nimalarga dech kelmayapti, deysiz?

Yaqinda shofirkonlik fuqaro elektr tarmog‘iga ko‘z ilg‘amas yo‘llar bilan ulanib, «mazza qilib» yurgani fosh etilgandi.

Bu safar ohangaronlik fuqaro «kashf etgan» g‘aroyib usul aniqlandi.

MIBning Ohangaron shahar bo‘limi xodimlari hududdagi xonadonlarning birida bo‘lishgandi deng. Xonadonda DDS-28 rusumli elektr hisoblagich o‘rnatilgan bo‘lib, uch kishi istiqomat qilarkan.    Umumiy hajmi 100 kv.metrdan iborat besh xonali ushbu xonadonda markazlashgan isitish tizimi mavjud emas. Uyda konditsioner, muzlatgich, «obogrivatel», mikroto‘lqinli pech, kir yuvish moshinasi va boshqa elektr qurilmalari mavjud. Shunga qaramay, oylik elektr energiya iste’moli o‘rtacha 200-250 kVt., ya’ni 50,0-60,0 ming so‘mni tashkil qiladi, xolos.

Bunaqa bo‘lishi mumkinmas. Elektr hisoblagichda bir narsa bor-ov.

Shubha ustiga shubha tug‘ilavergani sabab qurilmadagi ko‘rsatgichining haqqoniyligi, unga tashqi va ichki ta’sir o‘tkazilgan-o‘tkazilmaganini tezkor yo‘llar bilan tekshirish maqsadida elektr hisoblagich iste’molchi va xolislar ishtirokida yechib olindi. So‘ng tegishli xulosa olish uchun «ELEKTRON XISOBLAGICH» MChJ va «O‘zstandart» agentligi Olmaliq sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasiga yuborildi.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, «schyotchik»dagi plastmassa raqamli plomba uzilib, teskari o‘rnatilganligi, davlat standart tamg‘asidagi sana ko‘rsatilmaganligi aniqlandi. Bunisi holva, asosiy «ixtiro» Ohangaron shahar ETK mutaxassisi tomonidan «schyotchik»ning ichki qismi tekshirilgach fosh bo‘ldi: uning ichiga masofadan turib to‘xtatish mumkin bo‘lgan qurilma o‘rnatilgan ekan?!

Bu esa ko‘rsatichni «pult» yordamida osongina orqaga qaytarish imkoniyatini berib kelgan... Qoyil qolmay iloj yo‘q! Bunaqasi uncha-muncha odamning yetti uxlab tushiga kirmaydi. Baraka topgur iste’molchi shu salohiyatini xayrli ishlarga sarf etgandami, bugungiday yer chizib qolmasmidi, deysan-da?!

Hozirda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Katta ehtimolki, miqdor oz emas...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring