Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB «Xabar.uz»da chiqqan maqolaga munosabat bildirdi: qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan

MIB «Xabar.uz»da chiqqan maqolaga munosabat bildirdi: qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilingan

Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan «Xabar.uz» kanalida 27.10.2021-yilda «Biz ayollar o‘z haq-huquqlarimizni qanday himoya qilaylik» sarlavhasi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining 01.12.2017-yildagi qarzdor T.J.dan undiruvchi A.P.ning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun qarzdorning har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Xiva shahar bo‘limi ish yurituviga 17.05.2018-yilda kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida qarzdorning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorligi 01.12.2017-yildan 01.05.2019-yilga qadar bo‘lgan davrda jami 8.885.798 so‘mni tashkil qilganligi aniqlandi.

Ushbu qarzdorlikni undirish maqsadida 17.05.2019-yilda qarzdorning ijro hujjatida ko‘rsatilgan manziliga majburiy ijro harakatlarini olib borish maqsadida borilganda, qarzdorning xonadoni qulf holatda ekanligi, MFY raisining bildirishicha, qarzdor 2017-yildan buyon Rossiya federatsiyasiga ishlash uchun ketib qaytib kelmaganligi aniqlanib, bu haqda MFY raisi va xolislar ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, Byuroning Xiva shahar bo‘limi ish yurituvida qarzdor T.J.dan undiruvchi A.P.ning foydasiga alimentdan boshqa mulkiy va nomulkiy xususiyaga ega undiruvlarni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, ijro uchun Xiva shahar IIBga yuborilgan va ijro harakatlari shu kuni O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 35-moddasi 2-qismiga asosan qarzdor topilguniga qadar to‘xtatilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring