MIB: Uzumini yeng, bog‘ini ham surishtiring!
Bilasiz, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiga elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish kabi vazifalar ham yuklatilgan.
Navbatdagi tarmoqdan noqonuniy foydalanish holati Zomin tumanidagi uzumzorlarning biridan aniqlandi.
Byuroning tuman bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tekshirishda «Toshkentvino kombinati» AJ uchastka brigadiri O.Ochilov korxonaga qarashli uzumchilik bog‘idagi uzum va meva-sabzavot ekinlarini sug‘orish uchun tuman elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmagan holda 2 (ikki) dona 100 kVtlik transformatorni tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulab, bemalol (noqonuniy) foydalanib kelinganligi aniqlangan.
Oqibatda uzumchilik bog‘i tomonidan elektr ta’minoti korxonasi manfaatiga 59 mln. 768 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Albatta, bunday noqonuniy xatti-harakatlari jinoyatning o‘zginasi! Ammo, O.Ochilov birinchi marta jinoyat sodir etganligi, qilmishi aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplaganligi, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganligi sababli javobgarlikdan qutilib qoldi.
Agar holat yana takrorlansa...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter