Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lavhani «montaj»siz ko‘rsating! – deputatlar general Bobojonovga so‘rov yubordi

Lavhani «montaj»siz ko‘rsating! – deputatlar general Bobojonovga so‘rov yubordi

Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirligi tomonidan «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» deya xalq vakili «olabo‘ji» qilib ko‘rsatilgan videolavha sabab boshlangan bahs-munozaralar yanayam jiddiy ko‘rinish oldi.

Ayni masalada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maxsus so‘rov yubordi.

Deputatlar so‘rovida vazir olidiga uchta masala qo‘yilgan:

  1. IIV Axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada foydalanilgan, jumladan, voqea ishtirokchisi bo‘lgan YPX inspektorining xizmat «bodi-kamera»sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilish;
  2. Agar lavhani tayyorlash va e’lon qilishda noxolislik yoki bir taraflama yondashuvga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, axborot xizmati mas’ullarining intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish va bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinish;
  3. Voqeaning yakuniy muhokamasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan axborot berish.

Mazkur so‘rovdan maqsad-muddao «...o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajargan ichki ishlar xodimlariga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha va ayblovlarning oldini olish hamda qoidabuzar shaxslar xatti-harakatiga qonuniy baho berilishi kafolatlangani haqidagi jamoatchilik fikrini shakllantirish» ekani ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15 aprel kuni Namangan shahriga kiraverishdagi «Qizilko‘prik» postida Xalq deputatlari shahar kengashining deputati T M. va yo‘l-patrul xizmati xodimlari o‘rtasidagi tortishuv kelib chiqadi. Mazkur voqelik bo‘yicha tayyorlangan videolavhada T. M. «bosar-tusarini bilmay qolgan deputat» sifatida ta’riflanib, u IIB xodimiga qarshilik qilib, pogonini yulib olganlikda ayblanadi.

Holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Prokurorning T.M.ni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish to‘g‘risdan kiritgan taqdimnomasiga avvaliga qisman rozilik bildirgan Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi (16 aprel) oradan uch kun o‘tib, (taqdimnomani) tamoman rad qilish haqida yangi qaror qabul qiladi.

Shuningdek, mahalliy kengash deputatlari ayni shu yig‘ilish qarori bilan shahar prokuroriga mojaro ishtirokchilari bo‘lgan IIB xodimlarining javobgarlik masalasini hal qilish lozimligi bildirishadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring