«Lacetti» eshak emas, biroq...
Avval holatni ochiqlasak. Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining hukmiga ko‘ra, fuqaro B.T. bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 150 baravari, ya’ni 33 mln. 450 ming so‘m jarima jazosiga mutahiq etilgandi.
Ijro hujjati Majburiy ijro byurosi (MIB) Izboskan tuman bo‘limiga tushgach, osongina amalga oshirilgandir, dersiz? Har holda, sud uni ozodlikdan mahrum etish yoki ozodlikni cheklash yoinki axloq tuzatish ishlariga «kesmay» jarima jazosini ravo ko‘ribdi...
E, qayoqda?! Jarima belgilangan muddatda to‘lanmagach, davlat ijrochisi yeng shimarib ishga tushishga majbur bo‘ldi. Surishtirsaki, B.T.ga tegishli «Lacetti» rusumli mashina bor ekan. Shartta qidiruvga berildi. Mashinani topish ham xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmadiku-ya, ammo daragi chiqib, baribir «jarima maydoni»ga olib kirildi.
Qarzdor qarasaki, ish chatoq. Ana-mana mashina onlayn savdoga qo‘yilgach, «egasini topib ketishi» mumkin. U nima qildi? Tegishli jarimani to‘lab, mashinasini olib chiqib ketdi.
Endi sarlavhaga qaytsak: «Lacetti» eshak emas, to‘g‘ri. Biroq qarzdorning qilig‘i eshonim deb, eshagidan ayrilishni xohlamagan muridning qilig‘ini eslatdi-da.
Bor gap shu.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter