Konstitutsiyani o‘zgartirish bizga nega kerak?
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik huquqiy davlat barpo etishning bosh mezoni bo‘lib hisoblanadi.
Hozirgi kunda yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan siyosiy jarayonlardagi faollik, xalqning yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha bergan takliflari, fikrlari, muhokamalar fuqarolarning o‘z kelajagiga befarq emasligini amalda namoyon qilmoqdaki, buni hech ikkilanmay quvonarli holat deb baholashimiz mumkin.
Yangilanayotgan Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni birlashtirishga qaratilgan bo‘lib, unda jamiyatdagi barcha qatlamlarning – yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, o‘qituvchilar, hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari aks etganligi bilan amaliy ahamiyatga ega. Shu boisdan ham loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Natijada amaldagi Konstitutsiyaning aksariyat normalari, aniqrog‘i 91 ta normasi konseptual jihatdan yangilanmoqda. Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyani yangi tahrirda bayon etishga qaror qilindi.
Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarning yarmidan ziyodrog‘i insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, unda umumxalq muhokamalaridan kelib tushgan jami murojaatlarning to‘rtdan biri joy olgan, demak uni xalq Konstitutsiyasi deb baralla aytishimiz mumkin.
Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi – Konstitutsiyani o‘zgartirish bizga nega kerak, Konstitutsiya davlat uchun eng muhim yuridik hujjat ekanligi sababli Konstitutsiyaning o‘zida uni o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi qoidalar mavjud bo‘lsa, unda referendum o‘tkazishga zarurat mavjudmi...?
Ma’lumki, amaldagi Konstitutsiyamizning 127-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritilishi belgilangan.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasining referendumi O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, ushbu moddada Referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasi ekanligi, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi, agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkinligi, referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda amaldagi qonunchiligimizga muvofiq parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega ekanligi, lekin kontitutsiyaviy islohot fuqarolarimizning fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilsa, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Kontitutsiyasi bo‘ladi deb aytgan edi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz adolatli jamiyat qurish, inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi ulkan qadam hisoblanadi. Konstitutsiyaning qabul qilinishi bevosita xalqning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmoqda, ya’ni yangi loyiha referendumda ma’qullansa, qabul qilinadi.
Referendumda referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi ishtirok etish huquqiga egadir. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqlidir.
Konstitutsiyani o‘zgartirishdan havotirga tushmaslik kerak, chunki jamiyat rivojlanadi, undagi ijtimoiy munosabatlar takomillashib boradi va bu albatta Konstitutsiya bilan tartibga solinishi lozim bo‘ladi. Qonunlar ham eskiradi, zamon talabiga javob bermay qoladi. Shu holatda ularga o‘zgartirishlar kiritilib, zamon talabiga muvofiqlashtiriladi. Qonunlar xalq, jamiyat manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak, agar qonunda ushbu talablarga javob beradigan qoidalar mujassam bo‘lmas ekan, uning ahamiyati yo‘qoladi.
Ayni vaqtda mamlakatimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyotning rivojlanishi, inson huquq va manfaatlari, erkinliklarini ta’minlashning yangi bosqichga olib chiqilishi zaruratini yuzaga keltirdi.
Bizning amaldagi Konstitutsiyamiz 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan bo‘lib, 20 yildan ortiq muddat ishladi. Bu yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Jahon tajribasiga qarasak, ko‘plab davlatlar o‘z Konstitutsiyalarini bir necha marotaba o‘zgartirganlar.
Mamlakatimiz tarixida birinchi marta o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va har qanday davlatning rivojlanish yo‘lini belgilab beruvchi oliy qonun hujjati referendumda bevosita xalq tomonidan qabul qilinadi.
Albatta, referendumda ishtirok etish bizning huquqimiz, majburiyatimiz emas. Biroq inson huquq-manfaatlari kengaytirish hamda ijtimoiy kafolatlarni mustahkamlash uchun, milliy birligimizni kuchaytirish hamda davlat suverenitetini, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun, davlat boshqaruvining samaradorligini va barqarorligini mustahkamalash uchun, fuqarolarning o‘z taqdirlariga bevosita va bilvosita daxldor masalalarda qaror qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish uchun imkoniyatdan foydalanishimiz shart.
Referendum arafasida turar ekanmiz, hozirda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, siyosiy faollik jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishiga, har bir fuqaroda davlat oldida, qonun oldida, kelajak oldida mas’ullik hissini kuchaytirishiga ishonamiz. O‘z taqdiri, kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir inson o‘zining siyosiy huquqidan albatti foydalanadi.
Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiya hayotimizning barcha jabhalarining tartibga solib, yurtimiz rivojlanishi uchun huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Parizod Zakirova,
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter