Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kollizion huquq kodeksi – u nima beradi?

Kollizion huquq kodeksi – u nima beradi?

Mamlakatimiz xalqaro aloqalar va savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli tashqi siyosat olib bormoqda. Shu jihatdan, xalqaro xususiy-huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan huquqiy asos yaratish va qonunchilikni takomillashtirish taraqqiyotda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, har bir davlat o‘z hududida huquqiy tartibga solishni norma ijodkorligi orqali amalga oshiradi. Shaxslar turli davlatlar sub’yektlari ijtimoiy munosabatlarining rivojlanishi bir davlatning huquqiy normalari boshqa davlat hududida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan holatlarni yuzaga keltiradi. Ta’kidlash joizki, suverenitet nuqtai nazaridan har bir davlat boshqasiga nisbatan mustaqil bo‘lgani kabi, xorijiy davlat ham milliy davlatga nisbatan norma ijodkorligining mustaqil sub’yekti hisoblanadi.

Bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi turli munosabatlarning muvaffaqiyatli rivoji ushbu munosabatlarning huquqiy tartibga solinish darajasiga bog‘liqdir. Yuqori darajada huquqiy tartibga solinganlik mazkur munosabatlarning kelajakda rivojlanishiga zamin yaratadi, aksi esa ularning taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladi yoki sekinlashtiradi. Ushbu masalada xalqaro xususiy-huquqning o‘rni beqiyosdir. Aynan uning normalari xalqaro aloqalar ishtirokchilari uchun qay darajada qulay huquqiy rejim taqdim etilishini belgilaydi.

Dunyoda xalqaro xususiy-huquqiy munosabatlarning rivojlanishi, globallashuv jarayonlari, davlatlar hamda ularning jismoniy va yuridik shaxslari o‘rtasidagi aloqalarning kengayib borishi va rivojlanishi bir mamlakat hududida boshqa mamlakat huquqi qo‘llanilishini yuzaga keltirmoqda. Bu kabi holatlarni turli shartnomaviy va shartnomadan tashqari munosabatlarda, turli davlatlar sub’yekti bo‘lgan taraflar o‘rtasidagi nizolar kabilarda ko‘rish mumkin. Ammo, bu huquqni qo‘llash doirasida bir qator muammolar ham kelib chiqmoqda.

Milliy sud statistikasiga asosan oxirgi 3 yilda chet el huquqini qo‘llashga doir ikkita iqtisodiy ish va xalqaro shartnomalar talablari qo‘llangan bir qator fuqarolik ishlari ko‘rilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar mazkur masalalarning milliy qonunchilik va sud amaliyoti doirasida yetarlicha o‘rganilmaganligini va shunga muvofiq qo‘llanilmay kelayotganligidan dalolatdir.

Jahonda davlatlar o‘rtasida o‘zaro huquqiy yordam, moddiy va kollizion normalarni, jumladan chet el huquqi normalarini to‘g‘ri qo‘llash va ularga to‘g‘ri huquqiy baho berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boisi, ular vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xalqaro xususiy-huquqiy nizolarning oldini olishga yoki bunday nizolarni adolatli hal etishni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadigan tadqiqot yo‘nalishi sifatida baholangan.

Shuningdek, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimiz xalqaro nufuzini mustahkamlash rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Bu esa, ushbu sohadagi qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirishni dolzarb etib belgilamoqda.

Chet el huquqi normasini qo‘llash, ma’lum bir davlatning ichki yoki milliy huquqiy tartiboti uchun odatiy bo‘lmagan munosabatlarga nisbatan jumladan, bir davlat hududidan tashqarida yuzaga keladigan, xususan xalqaro-xususiy huquqda qabul qilinganidek, chet el elementi bilan murakkablashgan munosabatlar doirasida amalga oshiriladi.

Ko‘pgina xorijiy mamlakatlar xalqaro xususiy-huquq bo‘yicha yagona hujjat qabul qilish yo‘lidan borishdi, masalan, Shveysariyada «Xalqaro xususiy huquq to‘g‘risida»gi Federal qonun, Turkiyada «Xalqaro xususiy huquq to‘g‘risida va xalqaro fuqarolik protsessi to‘g‘risida»gi Qonun.

Albatta, har bir qonun o‘xshash xorijiy davlat hujjatlaridan mazmunan farq qiladi. Biroq, xalqaro fuqarolik protsessi normalari ushbu yagona hujjatga kiritilganligi, chet el huquqi mazmunini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi qoidalar esa xalqaro xususiy-huquq umumiy masalalari orasiga kiritilgan.

Hozir, mamlakatimizda xalqaro xususiy-huquq masalalari bo‘yicha yagona kodifikatsion hujjatning mavjud emasligi mazkur sohadagi qonunning qo‘llanilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, huquqiy tartibga solishdagi tafovutlar va bo‘shliqlarga, o‘xshash qoidalarning takrorlanishiga zamin yaratadi, qolaversa, alohida huquq sohasi sifatidagi nufuziga ham putur yetkazadi. Umuman, davlatlarning mazkur munosabatlarni tartibga soluvchi yagona kodifikatsion hujjatga ega bo‘lishga intilishi zamonaviy tendensiyadir.

O‘z navbatida, xalqaro xususiy-huquqdagi kodifikatsiya jarayonlarining jadallashuvi xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida transmilliy korporatsiyalar ta’sirining ortishi, davlatlarning iqtisodiy munosabatlardagi ishtirokining kuchayishi hamda faol unifikatsiya jarayoni kabi omillar bilan izohlash mumkin.

Xalqaro xususiy-huquqni kodifikatsiya qilish ancha qulayliklar yaratadi. Sababi sudlar chet el elementi bilan murakkablashgan nizoni ko‘rib chiqishda bitta me’yoriy hujjatga tayanadi. Boshqa manbalarga murojaat qilish va turli hujjatlarning muayyan huquqiy normalarining nisbatini tadqiq qilishi zarur bo‘lmaydi. Bunday qonuniy tartibga solish u yoki bu tarzda xalqaro xususiy-huquq ko‘rsatmalariga duch kelayotgan boshqa manfaatdor shaxslar uchun ham qulay.

Demak, bugungi kunda, xalqaro xususiy-huquq rivojlanishining asosiy tamoyili (tendensiyasi) xalqaro xususiy-huquq kollizion va moddiy normalarini kodifikatsiyalashdir. U xalqaro xususiy-huquq to‘g‘risida maxsus qonunlarni yaratish yo‘li bilan yoki xalqaro huquqiy normalarni kodifikatsiyalash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Xalqaro xususiy-huquqning hozirgi kundagi rivojlanishining ushbu xususiyati Yevropa davlatlarining amaliyotida ayniqsa yaqqol ko‘rinadi. Qonunchilikni yangilash yoki batamom yangi hujjatlarni qabul qilish davlatning jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyasiga ham ko‘maklashadi.

Amalda xalqaro xususiy-huquq rivojlanish tendensiyasidan kelib chiqib, xususan Singapur va Xitoyda milliy manfaatlarga va kollizion prinsiplarga alohida e’tibor bilan yondashilishi, prinsiplarga sud amaliyotida qat’iy munosabat bo‘lishi va ular qo‘llanilishi, Turkiyada bir kodeks tarkibida kollizion va protsessual normalar birlashganligi, milliy qadriyatlar e’tiborga olinganligi diqqatga sazovordir.

Shuningdek, Kanada va Yevropa Ittifoqi davlatlari tajribasi kompleks kodeks qabul qilinishi, unda umumiy tamoyillar, tushunchalar, qo‘llaniladigan huquq masalalari, yurisdiksiya, protsessual normalar, qarorlarni tan olish va ijro etish masalalari qamrab olinishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘laroq, O‘zbekistonda milliy qadriyatlar va manfaatlar asosidagi kollizion tamoyillar, yurisdiksiya va tegishli protsessual normalarni to‘liq aks ettiruvchi alohida konseptual jihatdan yangi kompleks Kollizion huquq kodeksini ishlab chiqish zarur. Ushbu holat bevosita mazkur sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotini to‘g‘ri shakllantirish imkoniyatini yaratadi.

Islambek Rustambekov,
Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori,
yuridik fanlari doktori, professor.

 Shaxnoza Joldasova,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti raisi,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring