Karantin sharoitida «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi maqsadga muvofiqmi?
Kamina jinoyat ishlariga ixtisoslashgan advokatlardan. Shu bois iqtisodiyot, xo‘jalik va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 1-sonli tergov hibsxonasida (xalq tilida «Toshturma»da) saqlanayotgan (saqlangan) himoyam ostidagi shaxslar bilan tez-tez uchrashib turaman. Shunda ularning aksariyati tergov hibsxonasi ovqatlari sifatiga qoniqmasdan, uyidan yemish keltirishga majbur bo‘lishlarini bildirsa, boshqalari haftada bir kungina kitob berilishidan, beriladigan kitoblarning esa ayrim varaqlari yirtilganligidan norozi (tasavvur qiling, bir kitobni o‘qishni boshladingiz, endi qiziqib o‘qiyotganingizda navbatdagi varaqlari yo‘q...), yana kimlardir esa parhez taomlar, muntazam malakali mutaxassis ko‘rigi yoki maxsus dori-darmon va muolajalarga ehtiyoj sezadigan qandli diabet yoki yurak yetishmovchiligi xastaliklari bo‘lsa-da, bunaqa sharoit yo‘qligidan og‘rinadi...
Albatta, bir tomondan qaraganda, hibsxona «kurort» emas-ku, u yerda kim sharoit qilib beradi, deyishimiz mumkin. Ammo, ozgina mulohaza qiladigan bo‘lsak, u jazo muassasi ham emas: bu yerdagilarning aybi hali sud tomonidan tasdiqlanmagan (Aybsizlik prezumsiyasi esa bevosita Konstitutsiyada belgilangan me’yor). Chunonchi, dastlabki tergovda e’lon qilingan ayb — shaxs hali jinoyatchi degani emas. Qolaversa, ayblov e’lon qilinganlar har doim ham aybdor bo‘lavermaydi. Ba’zan ular tergov xatosi bilan ayblanib qolsalar, ba’zan esa, sir emas-ki, ayrim nopok tergovchilar gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchilarga nisbatan ham g‘ayriqonuniy tazyiq o‘tkazishga sharoit yaratish uchun qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash payida bo‘ladilar...
Ammo hozir gap bunda emas. Hozirgi karantin va cheklovlar davrida tergov hibsxonalaridagilarning ahvoli dolzarb masalaga aylangani xususida. Bizku, tashqi muhitdan uzilsak-da, uyda vaqtimizni qanday chog‘ o‘tkazish «dard»i bilan ovvoramiz. Ammo uydagilari bilan aloqalari uzilgan, uchrashuvlar bekor bo‘lgan sharoitdagi hibslarning ahvoli qanday ekan?
O‘ziga shu savolni berib ko‘rgan har qanday odam yurtimiz boshiga og‘ir sinov tushib turgan shu kunlarda hibsxonalarda saqlanayotganlarga ham insonparvarlik ko‘rsatish haqida oz bo‘lsa-da, o‘ylay boshlasa kerak. Jumladan, mahbuslar sharoiti haqida ko‘proq tasavvurga ega inson sifatida menga jamiyat uchun katta xavf tug‘dirmaydigan ayblanuvchilarga nisbatan qo‘llangan va qo‘llanilayotgan ehtiyot chorasini qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan choralar bilan almashtirish lozimdek ko‘rinadi (og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblanayotganlarning «ishi» alohida masala). Shunda hibsdagilarni saqlash uchun ishlayotgan xodim va resurslarni ham boshqa samaraliroq maqsadlarga safarbar etish mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda «ular rostdan ham jinoyat sodir etganlikda aybdor bo‘lib chiqsa-chi?» degan savol va hadik ham tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, agar aybdorligi tasdiqlangan bo‘lsa, ular albatta jazolanishi shart. Lekin pirovard maqsadimiz jazolash emas, balki insonni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga qaytarish ekan, hali aybi isbotlanmaganlarni hibsga olishga shoshilmaslik, ayniqsa bugungi sharoitda esa hojat yo‘q deb o‘ylayman. Qolaversa, hibsdagiga nisbatan insonparvarlik prinsipini namoyon qilishimizning o‘zi ular uchun eng ta’sirli dars, saboq bo‘lishi ham mumkin...
Abdumalik ABDULLAYeV, advokat
(Manba: advokatnews.uz)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter