Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantin sharoitida insonning himoya huquqi va «salla desa, kalla olinayotgan» holatlar - Advokat bong uradi

Karantin sharoitida insonning himoya huquqi va «salla desa, kalla olinayotgan» holatlar - Advokat bong uradi

Foto: «Xabar.uz»

Taniqli advokat, yuridik fanlari doktori Bahrom Salomov karantin paytida inson huquqlari, xususan, fuqarolarning huquqiy himoyasiga oid ayrim og‘riqli holatlar haqida bong urdi.

Uning "Advokatnews.uz" saytida yozishicha, karantin qoidalarini buzganligi uchun bir necha o‘n minglab odamlar jarimaga tortilganligi so‘nggi statistik hisobotlarda qayd etilmoqda, ammo hali biron bir advokatdan bu toifadagi ishlarda qatnashgani haqida eshitmadik. Shuningdek, jarima belgilashdan oldin hech bo‘lmasa huquqbuzarlarning o‘zlarini chaqirib, vaziyatga oydinlik kiritilgani haqida ham. Bu esa odil sudlov tamoyillariga ziddir!

Dunyo amaliyotiga razm soladigan bo‘lsak deya davom etadi muallif, pandemiya davrida har bir davlat kasallik bilan o‘ziga xos usulda kurashayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi davlatlar niqobsiz ko‘cha-ko‘yda yurgan fuqarolarga bepul niqob tarqatayotgan bo‘lsa, ayrim davlatlarda ularni tayoq bilan kaltaklanayotganligini (jumladan, Hindistondagi shunday holatlar aks etgan xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p tarqaldi) ko‘rishimiz mumkin. Shu ma’noda bizning mamlakatimiz, o‘ylashimcha, “oltin oraliq”ni tanladi.

Garchi “biz eng to‘g‘ri yo‘ldan bordik”, deya uzil-kesil xulosaga qilishga hali ancha erta bo‘lsa-da, mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurash uchun keskin chora-tadbirlar o‘z vaqtida belgilanganligi va o‘rnatilgan karantin qoidalariga qat’iy amal qilinganligi bois koronavirus kasalligiga chalingan bemorlar sonining jadal sur’atlar bilan oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda bu kasallikka chalingan bemorlar soni shu kungacha to‘rt mingtaga yaqinlashganiga qaramasdan, ularning 80 foizdan ortiqrog‘i tuzaldi. Kasallanganlarning 14 tasi vafot etgani hisobga olinsa, o‘lim ko‘rsatkichi ham xalqaro holatga solishtirganda ancha past, ya’ni 0,5 foizni tashkil etmoqda.

Shunday bo‘lsa-da, karantin bilan bog‘liq tartiblarni o‘rnatish jarayonida inson huquqlari ta’minlanishi borasida ayrim e’tirozli holatlar ham uchrab turibdi. OAV va ijtimoiy tarmoqda bu yo‘nalishda yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklar, shoshma-shosharliklar haqida tez-tez ko‘zga tashlanayotgan turli xil bahs-munozaralar ham shundan dalolat beradi.

Shu bois biz ham umumiy vaziyat haqida xulosa berishdan tiyilgan holda, o‘z kasbiy faoliyatimizdan kelib chiqib, pandemiya davrida qonun ustuvorligiga rioya qilinishi xususida ozgina mulohaza yuritmoqchimiz. Zero, pandemiya hamda u tufayli e’lon qilingan karantin davri hali tugaganicha yo‘q.

Demak, amaliyotda uchrayotgan muammolarni barataraf qilishga erishilsa foydadan xoli bo‘lmaydi.

Avvalo e’tibor qaratishimiz kerakki, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 3-moddasida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi”, deb belgilangan. Qolaversa, odil sudlov deganda, odatda, sud idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura tizimining uyg‘un faoliyat yuritishi orqali inson huquqlariga doir adolatli qarorlar chiqarilishini tushunamiz. Lekin masalaga sal e’tibor bilan yondashsak, bugun fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklaydigan har qanday qonun va qoidalarni amaliyotga tatbiq etuvchi, ma’muriy tartibda jazo choralarini qo‘llovchi idoralar tomonidan ham sudlov jarayoni amalga oshirilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Jumladan, Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning (MJtK) 257-moddasida davlat sanitariya nazorati organlari ( DSNO) tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan o‘ndan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik ishlari toifasi belgilangan bo‘lib, xususan, uning 53-moddasi (Sanitariya qonun hujjatlarini buzish) va 54-moddasida (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) ko‘rsatilgan ishlar ham mazkur organlarning mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi va bu ishlar, tabiiyki, huquqbuzarlarga chora ko‘rish bilan bog‘liq sudlovdir. 297-moddada esa ma’muriy huquqbuzarlik ishini ko‘rib chiqishda shu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsni ushlab turish paytidan boshlab advokat qatnashishi mumkinligi belgilangan.

Shunday ekan, karantin davridagi amaliyotdan kelib chiqib savol tug‘iladi: agar shaxs ushlab turilmagan, masalan, ko‘chada niqobsiz yurgan paytda militsiya va milliy gvardiya xodimlari tomonidan to‘xtatilib, bayonnoma tuzilib, niqobsiz yurganligi haqida tushuntirish xati yozdirib olinib, to‘plangan materiallar DSNOga yuborilgan bo‘lsa-chi, mazkur ishda ham advokat qatnashishi lozimmi yoki yo‘qmi? Zero, so‘nggi ikki oydan oshiqroq vaqt ichida o‘n minglab odamlar karantin qoidalarini buzganligi uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, bir qancha mansabdor shaxslar esa o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarimaga tortilganligi statistik hisobotlarda qayd etilmoqda. Ammo, yuqorida aytilganidek, biron bir advokatdan hali bu toifadagi ishlarda qatnashgani haqida eshitmadik. Qolaversa, umuman olganda ham, karantin qoidalarini buzgan shaxslarga jarima jazosini qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan DSNO mansabdor shaxslari aynan qaysi mezonlardan kelib chiqqan holda huquqbuzar shaxslarga jarima tayinlamoqdalar?

Demokratik jamiyat sifatida tan olinishini istagan davlatda har qanday holatda, hatto favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan paytda (xususan, pandemiya sharoitida) ham, inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralishi va uning himoya qilinishiga shart-sharoit yaratib berilishi lozim. Ya’ni davlat o‘z fuqarosiga nisbatan karantin qoidasini buzgani uchun katta miqdorda jarima tayinlash jarayonining ochiq va shaffof holatda, adolat tamoyillari asosida amalga oshirilishidan manfaatdor bo‘lishi, lozim hollarda esa huquqbuzarga malakali yuridik yordam olish imkoniyatini yaratib berishi lozim.

Mustaqil O‘zbekiston davlati bunyod bo‘lganidan beri jamiyat a’zolari pandemiya degan baloga ilk bor duch kelib turibdi. Shu sababli karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan jazo choralari birmuncha qattiq bo‘lganligini tushunish mumkindir va aynan shunday qat’iy choralar tufayli ham qisqa muddatda ijobiy natijalarga erishilgandir ehtimol. Lekin, shunga qaramasdan, baribir, bu jarayon “o‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq baravar yonadi” qabilida bo‘lmasligi, ayniqsa, inson huquqlari himoyasi ikkinchi darajaga tushib qolmasligi, jumladan, advokatlarning kasbiy vazifasini bajarish imkoniyatini cheklab qo‘yish yo‘li bilan bo‘lmasligi lozim (Vaholanki, Advokatlar palatasi tomonidan advokatlarning kasbiy vazifasini bajarish uchun shaxsiy avtotransportida erkin harakat qilishlariga ruxsat berilishini so‘rab Respublika Maxsus komissiyasiga yo‘llangan bir necha murojaat qanoatlantirilmadi).

Kezi kelganda karantin davrida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarining ish faoliyatiga ham xolis baho berishga harakat qilib ko‘raylik. Zero, Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan karantin qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash uchun ular kechayu kunduz harakat qildilar. Hatto o‘z oila a’zolari va bolalarini ko‘rish uchun bir necha kunlab vaqt topa olmaganlar ham ko‘p bo‘lgani tabiiy. Lekin, ming afsuski, ular orasida zimmalariga tushgan bu og‘ir yukni ro‘kach qilgan (yoki asabiylashgan) holda oddiy xalq vakillariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lganlari, zarurat bo‘lmagan vaziyatlarda ham asossiz kuch ishlatib, fuqarolarning, xalqning noroziligiga sabab bo‘lganlari ham uchrab turibdiki, oqibatda shaxsan mamlakatimiz prezidenti ularni xushmuomala bo‘lish, xalqni hurmat qilish, berilgan vakolatni suiiste’mol qilmaslik haqida ogohlantirishga majbur bo‘ldi.

Bunday holatlarning ayrimlariga esa shaxsan guvohi bo‘lganini aytgan muallif ayrim misollar keltiradi

Unga ko‘ra, karantin qoidalarini buzganlikda ayblanayotgan shaxs o‘zini himoya qilish uchun advokat olmoqchi ekanligini IIB xodimlariga bildirganida ulardan biri fuqaroga qarata: “Nima, ortiqcha besh yuz ming so‘m puling bormi, advokat olib nima qilasan, uning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, undan ko‘ra shu pulni oilangning ehtiyoji uchun ishlatgin”, deydi tap tortmasdan (uning bu gaplarini fuqaro telefoniga yozib olgan).

Hozirgi kunda bu holat IIV tomonidan o‘rganilmoqda.

Yoki qurilishga buyurtmachi bo‘lgan fuqaro qurilishi davom etayotgan inshoot oldida niqobsiz (lekin niqob cho‘ntagida bo‘lgan va hatto ko‘rinib ham turgan) holatda quruvchilarga daraxtlarni butash haqida buyruq berayotganida militsiya va Milliy gvardiya xodimlari kuch ishlatgan holda uning qo‘lini qayirib, xizmat mashinasiga yuklaydi va Toshkent shahar Mirobod tuman IIO FMB 4-sonli IIBga olib borib, ro‘yxatdan o‘tkazib, anfas va profil ko‘rinishida suratga tushirib, majburiy ravishda barmoq izlarini oladi.

Boshqa bir holatda esa sud karantin qoidalarini buzgan fuqaroga 5 sutka qamoq jazosi beradi. Bundan IIB mutasaddilari norozi bo‘lishadi, ya’ni unga tayinlangan jazoni qilmishiga nisbatan yengil deb hisoblab, yuqori sudga murojaat qilishadi. Va kassatsiya sudi jazoni kuchaytirib, fuqaroning qamoq muddatiga yana 10 sutka qo‘shib beradi.

Misol tariqasida bayon qilingan ushbu holatlar va ushbu maqsadda tadqiq qilingan boshqa ko‘plab holatlardan ko‘rinadiki, mutasaddi tashkilotlarning ayrim xodimlari ba’zan “sallani olib kel desa, kallani olib keladigan”lar singari ish tutishmoqda. Vaholanki, bu ishlar amaldagi qonun talablarida belgilangan insonparvarlik va odillik tamoyillariga ziddir. Jumladan, karantin qoidasini buzishda ayblangan fuqaroga ham qonun doirasida muoamala qilinishi shart. Qolaversa, yuqorida ham ta’kidlaganimizdek, DSNO mansabdor shaxslari tomonidan niqobsiz yurish, avtomashinadan maxsus ruxsatnomasiz foydalanish va boshqa holatlar bo‘yicha yuborilgan materiallar yuzasidan yoppasiga va birvarakayiga jarimaga tortish haqida qaror rasmiylashtirilishi ham qonun talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Axir barcha fuqaroga katta jarima solib davlat budjetini to‘ldirish bo‘yicha buyurtma olganlari yo‘q-ku?!

Pandemiya bir kun kelib barham topadi, karantin choralari butunlay bekor bo‘ladi, jamiyat hayoti ham o‘z iziga tushadi. Ammo sharoit bahonasida inson huquqlari buzilishiga o‘rgangan ayrim huquq-tartibot xodimlarini qayta tarbiyalash, huquqi bir marta buzilgan fuqarolarni esa odil sudlovga ishontirish oson kechmasligi aniq.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, muallif xulosa qiladiki, inson huquq va erkinliklarini cheklashga qaratilgan har qanday qat’iy chora-tadbirlarni qabul qilishda va amaliyotga tatbiq etishda odil sudlov uchun inson omili birlamchi, uning huquqlari himoyasini ta’minlash esa asosiy vazifasi bo‘lib qolishi shart. Shunday ekan, shaxs huquqlarini cheklash yoki shaxsga nisbatan har qanday ta’sir choralarini qo‘llash masalalari, bizningcha, faqatgina sudlar vakolatiga tegishli bo‘lishi lozim. Zero, busiz huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurayapmiz deya baralla ayta olmaymiz ham.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring