Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jizzaxda ko‘cha zo‘ravonlariga hukm o‘qildi

Jizzaxda ko‘cha zo‘ravonlariga  hukm o‘qildi

Aka-ukalardagi  buncha jur’at, buncha quvvat qaydan? Javob shu: ularda qonundan qo‘rquv yo‘q, har qanaqasiga suvdan quruq chiqib ketish mumkin, degan tasavvurda yashaydi. Yo‘qsa katta shaharning qoq o‘rtasida ochiqdan-ochiq zo‘ravonlik bilan «tirikchilik» qilisharmidi? Ularning bunday «tadbirkorligi» shahar ichki ishlar bo‘limi va prokuraturaning muborak nazariga tushmagani qiziq...

Jizzax shahridagi «Ko‘k bozor»ni bilmaydigan kam. Kunduz kuni bozorga yaqinlashmoqning o‘zi mahol: it egasini, mushuk bekasini tanimaydi deng. Bozor biqinidagi ko‘chalar esa «xususiylashtirilgan» go‘yo — o‘tganki mashinadan «o‘lpon» olinadi.

Aytgancha, «o‘lpon»ning madaniy nomi bor: «stoyanka puli».

Aka-uka Davidovlarni (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirildi) «Ko‘k bozor»ga tutashib ketgan E.Bekmurodov nomidagi ko‘chaning xo‘jayinlari deysiz. Shu ko‘chaga kirganki mashina bor, ularga «uzatishi» kerak. Aks holda...

Aks holda, boshiga ota-bola Qo‘chqorovlarning kuni tushadi.

Ana, Ya.Qo‘chqorov o‘z boshqaruvidagi «Damas»da shu ko‘chadan chiqib kelayotgan edi, Davidovlarning kattasi yo‘li to‘sdi: qani, uzating. Ya.Qo‘chqorov sababini so‘radi. Bunga javoban Davidov unga zug‘um qildi. Natijada, ikki orada janjal chiqib, Ya.Qo‘chqorov aka-ukalar tomonidan kaltaklandi. Bu mojaro ustiga kelib qolgan Ya. Qo‘chqorovning otasi ham aka-ukalardan o‘z «nasibasi»ni oldi...

Aka-ukalar nazdida, qonun ular uchun emas. Shu boiski, «o‘lpon» bermagan haydovchilarga hatto pichoq bilan tahdid qilishdan toyishmas edi.

Ota-bola Qo‘chqorovlarga qilingan zo‘ravonlik kosaga tomgan oxirgi tomchi bo‘ldi: ularga nisbatan, nihoyat, jinoyat ishi ochildi.

Jazo qanday bo‘ldi, dersiz?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sud raisi R. Orziqulovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, aka-ukalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining «g» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, kattasiga uch yarim, kichigiga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Ularning avtomashina egalaridan o‘zboshimchalik bilan pul olganlik holati ma’muriy huquqbuzarlik tariqasida ko‘rish uchun alohida ajratilib, ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish qo‘zg‘atish uchun Jizzax shahar prokuroriga yuborildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring