Ijtimoiy tadbirkorlik: yangi qonun loyihasi haqida
Umumxalq muhokamasiga yana bir qonun loyihasi qo‘yildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi 2020 yil uchun tasdiqlangan Davlat dasturiga kiritilgan edi.
Ijtimoiy tadbirkorlik nima va u nega kerak?
Ijtimoiy tadbirkorlik ijtimoiy-iqtisodiy hodisa sifatida, mavjud ijtimoiy muammolarga jamoatchilik javobi sifatida vujudga kelgan. Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining asosiy maqsadi jamiyatga foyda keltirish bo‘lib, bunday tadbirkorlik sub’yekti o‘z faoliyatida jamiyat manfaatlarini ustuvor hisoblaydi. Xususan, bunday faoliyat aholining ijtimoiy zaif qatlami turmush darajasini yaxshilashga (ish bilan ta’minlash, ijtimoiy tovarlar va mahsulotlar ishlab chiqarish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga) qaratilgan bo‘lishi kerak.
Muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasiga ko‘ra ijtimoiy tadbirkorlik – bu yuridik shaxslar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlarning aholini muayyan ijtimoiy muammolari va ularning oqibatlarini yengillashtirish yoki hal qilishga qaratilgan faoliyatidir.
Aholining ijtimoiy zaif qatlami kimlar?
Yuqorida ta’kidlanganidek, qonun loyihasining maqsadi ijtimoiy zaif qatlami turmush darajasini yaxshilashdir.
Qonun loyihasida aholining ijtimoiy zaif qatlamlari tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra tovarlar(xizmatlar)ni xarid qilishda yoki mehnat bozorida ish topishda qiyinchilikka duchor bo‘layotgan yoxud o‘zgalarning ko‘magiga muhtoj shaxslar ijtimoiy zaif qatlam hisoblanadi. Ushbu qatlamga quyidagilar kiradi:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron bolalar;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar (sil, onkologik, psixiatrik, narkologik, endokrinologik, infeksion, tanosil kasalligi, OITS, maxov va kasb kasalligi)ga chalingan shaxslar;
- qaramog‘ida 16 yoshga to‘lmagan yoki nogironligi bo‘lgan bolalari bo‘lgan yolg‘iz shaxslar;
- o‘qishni tugatgandan keyin 3 yil oshmagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus
va kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilari;
- «Mehribonlik» uylarining 30 yoshga yetmagan bitiruvchilari;
- jazoni o‘tash muassasalaridan ozod qilingan shaxslar;
- o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
- muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslar.
Ijtimoiy tadbirkor
Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati bilan yakka tadbirkorlar ham, barcha turdagi yuridik shaxslar ham, shu jumladan notijorat tashkilotlari ham shug‘ullanishlari mumkin.
Ijtimoiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs yoxud yakka tartibdagi tadbirkor qonun loyihasida belgilangan mezonlardan biriga yoki bir nechtasiga mos kelishi lozim. Mezonlar sifatida quyidagilar belgilanmoqda:
xodimlarining umumiy sonida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga mansub shaxslar kamida 70 foizni tashkil etadigan hamda aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga mansub shaxslarning mehnatiga haq to‘lash fondi mehnatga haq to‘lash umumiy fondining kamida 70 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar;
ishlab chiqaradigan tovarlarini yoki ko‘rsatadigan xizmatlarini realizatsiya qilishdan tushgan tushum umumiy hajmining kamida 50 foizini ijtimoiy tovarlar sotishdan yoki ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushum tashkil etadigan shaxslar;
ijtimoiy tovar va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarining kamida 50 foizini mazkur tovarlarning tannarxida yoki tannarxidan past bo‘lgan narxlarda chakana savdo orqali aholiga realizatsiya qiladigan shaxslar;
faoliyatini tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni (keyingi o‘rinlarda favqulodda holatlar deb yuritiladi) bartaraf etishga qaratilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishga o‘zgartirgan shaxslar.
Ushbu mezonlarga mos kelgan tashkilot yoki yakka tadbirkor ijtimoiy korxonalarning reyestriga ijtimoiy korxona sifatida kiritiladi.
Tashkilot yoki yakka tadbirkor ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritilgan kundan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab quyidagi shakllarda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash olish huquqiga ega bo‘ladi:
imtiyozlar va preferensiyalar;
ijtimoiy loyiha xarajatlariga subsidiyalash olish;
maslahat va axborot jihatidan qo‘llab-quvvatlash olish.
Ushbu qonun favqulodda holatlarda qanday ishlaydi?
Qonun loyihasida tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarini bartaraf etish ijtimoiy tadbirkorlik faoliyatining alohida yo‘nalishlaridan biri etib belgilanmoqda. Faoliyatini tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni (keyingi o‘rinlarda favqulodda holatlar deb yuritiladi) bartaraf etishga qaratilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishga o‘zgartirgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, favqulodda holatlar amal qilgan davr mobaynida ijtimoiy korxonalarning reyestriga kiritiladi. Ularga shu davrga ijtimoiy korxonalarga belgilangan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish huquqi beriladi.
Qonun loyihasiga ushbu yo‘nalish kiritilishiga koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq bugungi kundagi vaziyat sabab bo‘ldi. Koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq hodisalar ko‘rsatdiki, epidemiya va boshqa favqulodda holatlarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovar va mahsulotlar, ayniqsa tibbiy vositalar va dori-darmonlarga talab kutilmaganda oshib ketishi va yetishmovchilik kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarda yetishmovchilikni qoplashning eng qulay yo‘llaridan biri bu boshqa turdagi mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonani tezkorlik bilan ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot ishlab chiqarishga ixtisosolashtirishdir. Bu uslub jahonda juda keng qo‘llanilmoqda.
Xususan, jahonga mashhur ARMANI modalar uyiga qarashli barcha tikuv korxonalari tibbiyot xodimlarini koronavirus infeksiyasidan himoya qiluvchi bir martalik xalatlar ishlab chiqarishga o‘tkazildi. Shuningdek, GUCCI, YSL, BALENCIAGA, PRADA, YVES SAINT LAURENT kabi mashhur brendlar o‘z ishlab chiqarishlarini tibbiy niqoblar va himoya kiyimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirishga tayyor ekanliklarini e’lon qildilar.
Quvonarlisi, bunday korxonalar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga qaratilgan masulotlarini bepul tarqatishlari aytilmoqda.
O‘zbekistonda ham bugungi og‘ir vaziyatda o‘z faoliyatini o‘zgartirish va tekinga xizmat ko‘rsatishga tayyor tadbirkorlar kuzatilmoqda. Masalan, «DANIEL HILL HOTEL» mehmonxonasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘mak uchun tayyorligini, shu maqsadda chet eldan kelayotgan vatandoshlarimizni karantinda saqlashga mo‘ljallangan 350 kishi uchun 150ta xona ajratishini, ularni 3 mahal ovqat bilan ham ta’minlashini bildirgan.
Ko‘rinib turibdiki, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda ijtimoiy tadbirkorlikning o‘rni juda katta bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi qabul qilinsa, u jamiyatga alohida foyda keltirishni istaganlar tashkilotlar va yakka tadbirkorlarga bunday maqsadga erishish uchun qulay sharoit yaratadi.
A.Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter