Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB xodimlarini do‘pposlagan aka-ukalarga nisbatan hukm o‘qildi

IIB xodimlarini do‘pposlagan aka-ukalarga nisbatan hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudida IIB xodimlarini do‘pposlagan aka-ukaga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

...Hammasi Zafarobod paxta tozalash zavodi ostonasida boshlandi. O‘tgan yilning oktyabr oyi o‘rtalari... Tumandagi fermer xo‘jaligida ishlab kelgan aka-uka Shokir va Zokir Murodaliyevlar (ismi-shariflar o‘zgartirildi) kech soat 20.00 atrofida zavodga terilgan hosilni topshirish uchun kelishadi. Zavod ostonasida traktorlar ko‘p, kelganki paxtasini tezroq topshirib ketishni o‘ylaydi. Hamma charchagan, asablar tarang, xullas, bitta kam, ikkitasi ortiqcha...

Shu paytda navbat bilan bog‘liq mojaro yuzaga keldi. Zavodga traktorlarni tartib bilan kirishini ta’minlash maqsadida xizmat vazifasini o‘tayotgan tuman IIB YHXB MA xodimi S.Bozorov hamda viloyat IIB YHXB xodimi D.Fayzullayevlarning o‘rtaga tushishi ham naf bermadi. Aka-ukalar ularga faol qarshilik ko‘rsatib, qo‘l ko‘tarishgacha borishdi.

Jizzax viloyat sud-tibbiy ekspertiza byurosining xulosasiga ko‘ra, «musht ketdi»da D.Fayzullayevga o‘rtacha og‘ir, S.Bozorovga esa sog‘ligining buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati yetkazilibdi.

Aka-ukalar-ku, ko‘p o‘tmay qilgan ishidan pushaymon bo‘lishdi, uzr-ma’zurni ham nasiyaga qoldirishmadi. Shuningdek, Yoshlar ittifoqi Zafarobod tuman Kengashi raisi ham kafolat xati berdiki, jazo tayinlashda bularning hammasi inobatga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zafarobod tuman sudining raisi A.Xodimovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, sud yakuniga ko‘ra, akaga 4 (to‘rt) yil 6 (olti) oy, ukaga esa 3 (uch) yil 2 (ikki) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring