Huquqshunos «Salimboyvachcha ishi» bo‘yicha nozik nuqtalarga e’tibor qaratdi
Advokat Behzodbek G‘aniyev «Salimboyvachcha» laqabi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining ayrim nozik huquqiy jihatlariga e’tibor qaratdi.
Avval xabar berganimizdek, 12 dekabr kungi matbuot anjumanida Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida (o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash) nazarda tutilgan qilmishni sodir etishda gumonlanib ushlangan Salim Abduvaliyevga qo‘yilayotgan ayblov yanada og‘irrog‘iga o‘zgartirilganini ma’lum qilgan edi. Tergov organlari ayblovni JK 248-moddasi 1-qismidan 2-qismiga (o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi) o‘zgartirgan.
Advokat Behzodbek G‘aniyev bu holatda jinoyat takroran sodir etilganmi yoki tergovga jalb etilgan shaxs xavfli retsidivistmi degan masalani qo‘ygan.
«Jinoyatlar takroranligi deganda, qonunga ko‘ra shaxs tomonidan turli vaqtlarda qasddan sodir etilgan ikki va undan ortiq jinoyat tushuniladi. S.Abduvaliyevning uyida o‘tkazilgan tintuvda o‘qotar qurollar noqonuniy saqlab kelinayotgani aniqlangan. Uni takroranlik belgisi bilan ayblash uchun o‘qotar qurolni uyda ruxsatnomasiz saqlab kelganlikning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Ya’ni hozirda o‘tkazilgan tintuvdan (tezkor tadbirlardan) avval ham uning o‘qotar qurolni noqonuniy saqlaganligi aniqlangan va bu qilmishi uchun sudlanmagan bo‘lishi talab etiladi.
Xavfli retsidiv jinoyat deb topishni qonun shaxsning ilgari sodir etgan jinoyati uchun sudlangandan keyin unga aynan o‘xshash yangi jinoyatni qasddan sodir etishi bilan bog‘laydi. Demak, S.Abduvaliyevni ushbu kvalifikatsiya belgisi bilan ayblash uchun u muqaddam ham o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlab yoki o‘tkazib, sudlangan bo‘lishi zarur. Bizda esa S.Abduvaliyevning muqaddam qanday jinoyatlar uchun sudlanganligiga oid ma’lumotlar yo‘q», – deb yozadi B.G‘aniyev.
Huquqshunos jinoyat sodir etishda ayblanayotgan shaxsning yoshi va unga tayinlanadigan ehtimoliy jazo o‘zaro bog‘liqligini ham urg‘ulagan.
«S.Abduvaliyev ayblanayotgan jinoyat uchun 5 yildan 10 yilgacha (60 oydan 120 oygacha) ozodlikdan mahrum qilish (OMQ) nazarda tutilgan bo‘lsa-da, u 60 yoshdan oshgani sababli 80 oydan ortiq OMQ qo‘llash mumkin emas», – deb hisoblaydi u.
73 yoshli S.Abduvaliyev joriy yil 1 dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingani haqida xabar tarqalgan edi. 5 dekabr kuni u Toshkent shahri IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida protsessual tartibda ushlangani rasman ma’lum qilindi.
Salim Abduvaliyev 2017 yildan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Milliy olimpiya qo‘mitasi saytida u hali ham ushbu lavozim egasi o‘laroq ko‘rsatilgan.
«Wikipedia» elektron qomusida mazkur shaxsga «o‘zbekistonlik yirik tadbirkor», «metsenat va mashhur sport ustasi», «O‘zbekistonning eng boy odamlaridan biri» deb ta’rif berilgan.
«Salimboy O‘zbekiston bo‘ylab bolalar sportini rivojlantirishda o‘zining hissasini qo‘shib kelgani aytiladi. U, shuningdek, bolalar uylarida erkin kurash to‘garaklarini tashkil qilgan va ko‘plab sportchilarning xalqaro musobaqalarda qatnashishida ko‘mak bergan», – deyiladi maqolada.
Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, S.Abduvaliyev 2021 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi faxriy unvoni bilan, 2022 yilda esa Lyudvig Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Qo‘mita xabarida S.Abduvaliyev «iqtisod fanlari nomzodi, dunyoning bir nechta nufuzli universitetlari faxriy doktori» ekani ham qayd etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter