Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan – Prezident

Huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan – Prezident

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30-iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda prezident Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida sodir bo‘lgan fojiali holatlarga munosabat bildirdi.

Shuningdek, Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ta’kidlandi. Misol uchun, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo‘ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O‘tgan yilning o‘zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar to‘lab berilgan.

Ma’lumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirildi.

Endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga o‘xshash talablar qo‘yilishi kerakligi qayd etildi. Jumladan, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Yana bir muhim masala – huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan. Xususan, shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin bo‘lsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, 2018-2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring