Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hokimning sobiq matbuot kotibi tergov paytida qiynoqqa solinganini aytmoqda

Hokimning sobiq matbuot kotibi tergov paytida qiynoqqa solinganini aytmoqda

Zafar Jo‘rayev.

Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani hokimining sobiq matbuot kotibi Zafar Jo‘rayev tergov paytida qiynoqqa solinganini aytmoqda. Bu haqda «Daryo» nashri xabar berdi.

Tuman hokimining sobiq matbuot kotibi Z. Jo‘rayev o‘tgan yili karantinda to‘y qilgan shifokorlar haqida xabar tarqatgani ortidan IIB bosimiga uchragan. Ko‘p o‘tmay mazkur bosim ostida ishdan bo‘shagan. Shundan keyin unga nisbatan firibgarlik ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining 2021-yil 11-martdagi hukmiga ko‘ra, Z. Jo‘rayev ikkita epizod bo‘yicha oqlanadi. Biroq ma’lum bir haq evaziga yer olib berishni va’da qilishda ayblanib, 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga tortiladi.

«...Tergov davomida IIBning Bekzod ismli tergovchisi tomonidan tahqirlandim. Qiynoqqa solindim. Tergovchi ochiqchasiga karantindagi to‘y haqida xabar berganimni, bu esa ularga qimmatga tushganini eslatib, qiynoqqa solishda davom etdi. O‘sha paytda bu haqda mas’ullarga bildirib, tergovga bormasligimni, agar tergovga majburlab olib borishsa, o‘zimga biror nima qilib qo‘yishimni aytdim. Xayriyat, o‘sha payt tergovchini o‘zgartirishdi. Sudda menga qo‘yilgan uchta epizodning ikkitasi asoslanmadi. Va sudda bu ayblovlarni olib tashlashdi. Ammo yer olib berish evaziga o‘zgalardan pul olganlikda ayblashib, 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish bilan jazolashdi. Lekin asos ko‘rsata olishmadi. Sudyadan bu haqda so‘raganimda, shu ish bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini, yetarli asos bo‘lmasa-da, jazo tayinlashga majburligini aytdi», — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudida so‘nggi so‘z aytish imkonini olgan Zafar Jo‘rayev.

Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sobiq matbuot kotibiga tayinlangan hukmni qisman o‘zgartirgan. Sud ajrimiga ko‘ra, Zafar Jo‘rayevga tayinlangan 2 yil 6 oy axloq tuzatish jazosi uning tergov hibsxonasida saqlangan 6 oylik muddatni o‘tagani uchun jazo o‘talgan deb hisoblanishi belgilandi.

Ammo Z. Jo‘rayev bundan rozi emas. Endi u Oliy sudga shikoyat bermoqchi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring