Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hibsga olingan Guljahon Yo‘ldosheva bilan suhbat tashkil etildi

Hibsga olingan Guljahon Yo‘ldosheva bilan suhbat tashkil etildi

Foto: Mahalla vazirligi

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olingani bilan bog‘liq shov-shuvlar tinmayapti. Avvalroq Tanzila Norboyeva, Gulnora Marufova va Svetlana Ortiqovadan «bosh shifokor ishi»ga e’tibor qaratish so‘ralgandi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva holatga munosabat bildirishga ulgurdi va chirchiqlik bosh shifokor hibsga olinishini ma’qul ish deb hisoblamasligini aytdi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham G. Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi yuzasidan tashvishdaligini bildirdi hamda mazkur holatga adolatli va xolis yechim topilishini istashini ma’lum qildi.

Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri S.Azimovlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining 1-sonli tergov hibsxonasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bilan Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida suhbat tashkil etildi.

Suhbat davomida G. Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln. so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olinganligi, ushbu ish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilib, shifokor muammolar haqida ochiq gapirgani, bundan tashqari tergov va suddan yashirinishi mumkinligini inobatga olib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, G.Yo‘ldosheva, eng avvalo, ona ekanligi, 6 nafar voyaga yetmagan, jumladan, 2 va 3 yoshli kichik farzandlari borligi, tergov yoki suddan yashirinishga urinmaganligini, shu bilan birga Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvlar hamda unga nisbatan yuritilayotgan surishtiruv va tergov jarayonlarida bevosita o‘zining ishtirokida xolisona ko‘rilishini ta’minlashda o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘ragan.

O‘tkazilgan suhbat natijalari bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ombudsman bilan hamkorlikda qonun doirasida va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda yuqori sud instansiyalariga qo‘shma murojaat qilishini, shu asosda G. Yo‘ldoshevaning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring