Hazoraspdagi kanaldan topilgan murda shaxsiga aniqlik kiritildi
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Hazorasp tumani hududidan o‘tgan kanaldan topilgan «Tiko»dan inson murdasi chiqqaniga oid xabarlar tarqalgandi. Mashina kimga tegishli ekani aniq bo‘ldi, undagi murda shaxsiga aniqlik kiritildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, shu yilning 17-mart kuni Hazorasp tumanida istiqomat qiluvchi 34 yoshli T.Q. otasiga tegishli «Tiko» rusumli avtomashinada uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Uning bedarak yo‘qolganligi fakti bo‘yicha tuman prokurori tomonida Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari jarayonida T.Q. uyidan chiqib ketgan sana — 17-mart kuni kechga yaqin «Toshsaqa» kanalining Hazorasp (hozirda Tuproqqal’a) tumani hududidan o‘tgan «Chap qirg‘oq» suv taqsimlash inshooti oldida bo‘lgani aniqlanadi. Ayni ma’lumotdan kelib chiqib, u suvga cho‘kkan bo‘lishi ehtimoliga oydinlik kiritish maqsadida shu yilning 4 iyun kuni suv taqsimlash inshooti hududi (suvdan) to‘sildi. IIB va maxsus qutqaruv xizmati xodimlari tomonidan kanalda tegishli ishlar olib borilganda, darhaqiqat, suvdan «Tiko» rusumli mashina va undan T.Q.ning murdasi topiladi. Holatga ko‘ra, marhumning bo‘yidan zanjir o‘tkazilgan bo‘lib, uning bir uchi avtoulov rul qismiga bog‘langan ekan.
Mashina ko‘zdan kechirilganida unga tashqi ta’sir natijasida yetkazilgan zarar, shuningdek, murdaning tanasida biror jarohat izlari aniqlanmagan.
Tezkor-tergov guruhi tomonidan jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.
Jinoyat ishi alohida nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter