G‘iyosovning «norasmiy bayonoti» tasdig‘ini topmadi: «Qoraqalpog‘istondagi voqea» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi!
Surxondaryo va Qoraqalpog‘istonda ikki fuqaro IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida o‘lim topganiga oid xabarlar tarqalishi ortidan Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning «norasmiy bayonoti» biroz shov-shuvga sabab bo‘lganining sirligi qolmadi.
IIV polkovnigi o‘z «bayonotida» Qoraqalpog‘istondagi voqea bo‘yicha avval tekshiruv o‘tkazilib, hech kimning xatti-harakatlarida jinoyat alomati topilmaganini bildirgan, Surxondaryodagi holat esa prokuratura organlari tomonidan o‘rganilayotganini ta’kid etib, marhumni «Xudo urgan» sifatida ta’riflagan edi.
Surxondayodagi holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, profilaktika inspektorining ikki nafar yordamchisi qamoqqa olingani xabari berilgandi.
Bugun Qoraqalpog‘istondagi voqea bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
«Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro B.Dauletmuratovning IIB xodimlari tomonidan olib ketilib, kaltaklangani va uning natijasida vafot etganligi» bo‘yicha tarqalgan xabarlar bo‘yicha mahalliy prokuratura organining ma’lum qilishicha, 23.05.2021 yili Taxiatosh tumanida yashovchi fuqaro B.Dauletmuratovning ko‘chada mast holatda yotganligi yuzasidan xabar bergan shaxslarning chaqiruvga binoan voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimlari uni tuman IIB olib ketadi. Bu yerda uning sog‘ligi yomonlashganligi sababli, Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.
Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasida esa B.Dauletmuratovga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, shu kuni qarindoshlari orqali uyiga ruxsat berib yuborilgan.
B.Dauletmuratov uyida ahvoli yomonlashganligi sababli 29.05.2021 yilda yana Taxiatosh tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan va davolash muolajalaridan keyin 05.07.2021 yilda uyida vafot etgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, B.Dauletmuratovning o‘limi o‘pka pnevmoniyasi natijasida kelib chiqqanligi, lekin uning badanida o‘limidan oldin yetkazilgan tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan.
Mazkur halat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirgi kunda uning tanasidagi jarohati qachon va kim tomonidan yetkazilganligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi axborotida.
Mazkur axborot IIV matbuot kotibi ta’kid etganidek, sodir bo‘lgan voqelikda jinoyat alomatlari yo‘q emas, aksincha, borligini ko‘rsatmoqda. Bu esa «norasmiy bayonot» tasdig‘ini topmaganini bildiradi.
Darvoqe, davlatning eng muhim organi matbuot kotibining ijtimoiy tarmoq orqali o‘zi sizdirgan gaplarini «norasmiy bayonot» deb bo‘ladimi o‘zi?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter