«Galaxy» brendi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mansabdorlarini sudga berdi
Ikki kundirki, yurtimizning qator internet nashrlari («Kun.uz», «Daryo.uz», «Uza.uz»)da Yunusobod tuman ma’muriy sudida ko‘rilishi boshlangan ma’muriy ish yuzasidan ma’lumotlar tarqatilmoqda, deyiladi Oliy sud Matbuot xizmati xabarida.
Hamyurtlarimiz ish yuzasidan xolis va haqqoniy axborotga ega bo‘lishi maqsadida Oliy sud Matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Aniqlanishicha, joriy yilning may oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi vakillari «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJga nisbatan «Colgate-Palmolive» (Colgate) kompaniyasining tovar belgisi bo‘yicha arizasini ko‘rib chiqib, tegishli qaror qabul qilingan.
Unga ko‘ra, «Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi birinchi qismi uchinchi xatboshisi talablarini buzganligi qayd etilgan. Ya’ni kompaniya insofsiz raqobatchi deb topilgan.
Shuningdek, jamiyatga qonunbuzilish holatini bartaraf etish, kelgusida shu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik yuklatilgan. Mabodo, MChJ boshqarma qaroridan norozi bo‘lsa, tegishli tartibda sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
«Torimed Pharm» (Galaxy) MChJ o‘z huquqidan foydalanib, mazkur qaror yuzasidan sudga murojaat qilgan.
Arizachi «Dentafill Plus» MChJ («Torimed Pharm»ning huquqiy vorisi) javobgar O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga nisbatan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari ustidan Yashnobod tuman ma’muriy sudiga shikoyat ariza bilan murojaat qilgan.
Yashnobod tuman ma’muriy sudida ish hajmi ko‘pligi sababli ish mazmunan ko‘rib chiqish uchun Yunusobod tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.
Sud majlisi 2019 yil 28 iyun kuni soat 12:00 ga tayinlanib, ishni mazmunan ko‘rish boshlangan. Ayni chog‘da belgilangan tartibda hujjatlarni talab qilib olish uchun ishni ko‘rish 2019 yil 4 iyul kuni soat 11:00 ga qoldirilgan.
Eslatib o‘tilishicha, amaldagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasi 3-qismi talabiga muvofiq, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter