Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Folbinning firibgar o‘g‘li (ertak emas, g‘irt hayotiy)

Folbinning firibgar o‘g‘li (ertak emas, g‘irt hayotiy)

Bu dunyoda odamlarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan ishonch degan muqaddas tuyg‘u bor. O‘zaro ishonch tufayli yaxshi-yomon kunlarda inson insonga do‘st, maslakdosh, hamfikr va hamdard bo‘ladi.

Biroq...

Sabohat opa (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Niyozbekka ishonib xato qilgan ekan. Aslini olganda, Niyozbek unga begona emas, qarindosh.

Yaxshi-yomon kuningga qarindoshing yaraydi-da. Ko‘pni ko‘rgan keksalarimiz «Qarindoshning qozoni boshqa bo‘lsa ham, tashvishi bir» deb bejizga aytishmagan-ku!

Taqdirni qarangki, Sabohat To‘raqulovaning uy-joyi yo‘q edi.

O‘g‘illari Akmal bilan Adham voyaga yetgan, hademay ularning boshini ikki qilishi kerak. Sabohat opa o‘ylay-o‘ylay o‘g‘illarini yoniga olib, ko‘proq pul topish maqsadida chet elga borib ishlashga qaror qiladi.

Xorijdan bironta qarindoshiga pul jo‘natib tursa, u esa, atrofni daraklab chog‘roq hovli olib bersa...

Sabohat opa xorijga ketishdan avval qarindoshlari orasidan Niyozbek Suvonqulovni tanlaydi va hovli-joy haqida gap ochadi.  Samarqand shahrining «Motrud» mahallasidan tayyor hovli olib berishini iltimos qiladi. Niyozbek o‘shanda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, bu savob ishni jon-dili bilan bajarishga va’da bergandi.

Shunday qilib, S.To‘raqulova o‘g‘illari Akmal va Adham bilan uzoq xorijda, to‘rt yildan ko‘proq vaqt mehnat qiladi. Har oyda ishlab topgan pullarini N.Suvonqulov va uning oila a’zolari nomiga jo‘natib turadi. Jami jo‘natilgan mablag‘ 20 ming AQSh dollari bo‘lgandi. Bu vaqt oralig‘ida Samarqandga ikki-uch kunga kelgan Sabohat opaga N.Suvonqulov «Motrud» mahallasidan telefoniga tushirib olgan bir uyning rasmini ko‘rsatadi. Hovli opaga ma’qul tushadi. Niyozbekka qayta-qayta rahmat aytib, yana xorijga qaytib ketadi.

Sabohat opa qarindoshiga minnatdorchilik bildirishga shoshilgan ekan. Chunki keyingi safar u Samarqandga kelganida Niyozbekka uchraydi va sotib olinadigan uy bo‘yicha qanday yangiliklar borligini so‘raydi. Shunda Niyozbek andishani bir chetga surib, uyni olmaganini, aksincha, yuborilgan pulga o‘zi uchun «Hyundai sonata» avtomashinasini xarid qilganini aytadi.

Buni eshitib, Sabohat opa qattiq ranjiydi. Qarindoshiga o‘pka-gina qiladi, achchiq-chuchuk gapiradi. Shunda Niyozbek jahllanib, ichkariga kirib ketadi va ming AQSh dollari olib chiqadi. Sabohat opaning qo‘liga tutqazarkan, keyinroq yana 19 ming AQSh dollar berishini aytadi. Hozircha pulini qaytarish kafolati sifatida avtomashina hujjatlarini opaga beradi. Bundan S.To‘raqulovaning ko‘ngli biroz taskin topgandi. Lekin chuchvarani xom sanagan ekan: ayol yana xorijga qaytib ketganidan so‘ng N.Suvonqulov mashina hujjatlarini tiklab, sotib yuboradi...

O‘zganing mehnati ortidan topgan tekin boylikdan mazaxo‘rak bo‘lgan N.Suvonqulov endi butunlay firibgarlik yo‘liga o‘tib oladi.

Niyozbek Suvonqulov kim o‘zi? Endigina o‘ttiz yoshni qarshilagan, uch nafar farzandning otasi, tayinli biron joyda muqim ishlamagan N.Suvonqulov Samarqandda ancha tilga tushgan «Qumri folbin»ning o‘g‘li hisoblanadi. Boshqalarni taqdiridan fol ochib, kelajagini «bashorat» qilishdan tashqari bemorlarni-da «davolash salohiyati»ga ega bu ayol o‘z o‘g‘lini kelajakda sudning qora kursisi kutayotganini bilmaganmikan-a?

Nega desangiz,  folbinning huzuriga onasi dardiga shifo qidirib kelgan yana bir samarqandlik Yulduz Ergasheva uning o‘g‘li Niyozbek bilan tanishib qoladi. Ayolning bozorda savdo qilishi bilgan yigit unga Kanada davlatiga ishga yuborish imkoniyatiga ega ekanini aytadi.

Qumri folbin o‘g‘lining gapini ma’qullaydi. O‘zi ixlos qilib (eh, soddalik qursin-a!) kelgan folbin o‘g‘lining zo‘-o‘r ekanini tasdiqlab tursa, bu gaplarga kim ishonmaydi?!

Bozor — gapning o‘chog‘i. Bu yerdan atrofga mish-mish tez tarqaladi. Kimdir «Uning tanishi bor ekan, Kanada davlatiga ishga jo‘natarmish» desa, boshqa birov «Xorijga Yulduzning o‘zi ishga yuborayotganmish» deya uzunquloq gap yoyadi. Bunaqa gaplarga laqqa ishonadiganlar esa tezda topildi. Mana, bittasi Faxriddin Esonov. Tezroq Kanadaga borib, ish boshlashga shoshilganidan darrov ayol aytgan pul 15 ming AQSh dollarini tutqazadi. Surayyo opa degan yana bir bozorchi ayolda ham o‘g‘li Ilg‘orjonni Kanada davlatiga ishga jo‘natish fikri tug‘ilib, ro‘zg‘origa yarab turgan «Kobalt»ni  sotadi…

Xullas, Faxriddin va Ilg‘orjon Niyozbek Turkiyaga uchib ketadi hatto. Turkiyadan Kanadaga parvoz qilishlari kerak edi. Ammo ular Turkiya davlatidan ortga qaytarib yuboriladi. Sabab shuki, ularning fuqarolik pasportlariga qo‘yilgan vizalar qalbaki ekani nazoratchilar tomonidan aniqlanadi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, hujjatlarni Niyozbekning jinoiy sherigi — qo‘shni Qozog‘istondagi tanishi «Moldir» tayyorlagan ekan... Bu orada yana bo‘ladiki, Niyozbek Suvonqulov ulardan tashqari yana to‘rt nafar fuqaroni Kanada davlatiga  yuborish bilan aldab, yaxshigina pul chuv tushirishgan ekan. Firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan pullarning umumiy miqdori esa sakson ming AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil etadi.

...Firibgarlar qo‘lga tushib, jinoiy javobgarlikka tortilganini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak.

Qanday jazo berildi?

N.Suvonqulovga ozoddikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlandi. Yulduz Ergashevaga ham. Chunki dastlabki tergov paytidayoq jabrlanuvchilarga yetkazgan zararlarni to‘la qoplab bo‘lgandi. Ammo bungacha to‘kilgan asab, beorom kunlar, orttirilgan xastalik... Bu nimani anglatadi? Ko‘chadagi gapga, firibgarning aldoviga emas, balki qonunga tayanib ish tutish kerak. Shundagina hech qanday muammoga o‘rin qolmaydi. 

Farrux Samatov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring