Farzandini yashirgan otaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Voyaga yetmagan farzandga nisbatan otadan ko‘ra onaning huquqi ustuvor ekani ma’lum. Bu borada bahsga hojat yo‘q. Agar ayol onalik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa, bu endi boshqa gap.
Toshkentlik F. Aripov va A. Fatxullina o‘rtasidagi farzand kim bilan yashashini otaning o‘zi «hal etib qo‘ygandi» go‘yo. Biroq bolani onasidan tortib olish masalaga qonuniy yechim emas-da.
Ayol sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining sirtdan qabul qilgan qarori ko‘ra, farzand onasiga olib berilishi belgilandi.
Bunday ijro hujjatini amalga oshirish osonmas. Shu bois Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar Yakkasaroy tuman bo‘limi xodimlari avvaliga otaga muddat berdi. Biroq bundan naf bo‘lmagach, otani ma’muriy javobgarlikka tortishga majbur bo‘lishdi. Bundanam natija chiqmadi: ota sud hujjati ijrosiga to‘sqinlik qilaverdi.
Oxirgi chora sifatida endi F.Aripovga nisbatan JKning 232-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Ayni paytda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter