Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farmatsevtika agentligining sobiq rahbariga tegishli ko‘chmas mulklar xatlandi

Farmatsevtika agentligining sobiq rahbariga tegishli ko‘chmas mulklar xatlandi

Joriy yilning 24 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Farmatsevtika agentligining sobiq direktori Sardor Kariyev va boshqalarga nisbatan yuritilgan ijro ishi yuzasidan xabarlar tarqaldi. Unda S.Kariyevning farzandlari yashab turgan uy ham xatlangani, bundan norozi bo‘lgan uning ayoli sudga shikoyat qilgani aytiladi.

Ushbu ish joriy yilning 21 oktyabr kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqilgan.

MIB axborot xizmati rahbari Farrux Toshpulatovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 15.07.2024 yildagi ijro varaqasiga asosan javobgarlar S.Kariyev va boshqalardan 72 nafar fuqarolar foydasiga jami 75,4 mlrd so‘m zarar undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjatlari Byuroning markaziy apparati ish yurituviga 09.08.2024 yilda kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

«Majburiy ijro harakatlari jarayonida, qarzdor S.Kariyevga tegishli Toshkent shahri va viloyatida 2 ta turar joy hamda 1 ta noturar ob’yekti borligi aniqlangan.

Kelgusida qonun talablariga muvofiq likvidli mol-mulkni realizatsiya qilish maqsadida, S.Kariyevga tegishli barcha ko‘chmas mulklar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilib, xatlangan.

Shuni ta’kidlash joizki, yuqoridagi mol-mulklarni undiruvga qaratishda qonun talablariga rioya etilishi ta’minlanadi.

Hozirda ijro harakatlari davom ettirilmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, «Dok-1 Maks» dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud qaroriga ko‘ra, Farmatsevtika agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev 18 yil, uning o‘rinbosarlari 16 yil, Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar esa 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Sud jarayonida «Dok-1 Maks» yo‘talga qarshi siropini O‘zbekistonda qabul qilish oqibatida kamida 69 nafar bola vafot etgani qayd etilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring