Farg‘onada deputat (diydiyo qilib o‘tirmay) mansabdorni sudga berdi
Birovni, xususan, amaldorni sudga berish kutilmagan holat hisoblanmaydi. Tuman miqyosidagi amaldordan tortib, hatto hukumat a’zosigacha sudga berilayotir bugun. To‘g‘ri, natijalar do‘ppini osmonga otgudek emas. Biroq katta-yu kichikda o‘z huquqiga nisbatan da’vogarlik hissi shakllanib bormoqdaki, bu erta-bir kun kutilgan natijani berajak, nasib...
Asosiy gapga o‘tsak.
Jurnalist va huquqshunos Zafar Solijonovning yozishicha, xalq deputatlari Oltiariq tuman kengashi deputati O‘tkirbek Otaboyev «Obod qishloq» davlat dasturining 2019-yildagi ijrosi yuzasidan tuman bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Kamoliddin Qobilovga deputatlik so‘rovi yuborgan. Biroq K.Qobilov so‘rovni javobsiz qoldirgach, deputat uni ma’muriy sudga beradi.
Iyul oyining o‘rtalarida sud bo‘lib, mansabdor ma’muriy jarima (446 ming so‘m) jazosiga tortilgani aytiladi.
Oddiygina ko‘ringan mazkur voqelikning muhim nuqtasi bor. Ya’nikim, ko‘p deputatlarimiz o‘z so‘roviga javob qaytarmagani uchun amaldorlardan yozg‘irib yurishadi. Mana, diydiyo qilavermay sudga bersa, osmon uzilib yerga tushmas ekan. Ikkinchidan, jarimadan mansabdorning beli chiqib ketmaydi, albatta. Biroq hushyor tortishi ehtimoli katta. Buning uchun deputatlar qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan huquqlaridan samarali foydalansa, bas. Zero, qarsak chalaverish bilan kaft qavaradi, xolos. Bundan na jamiyat, na saylovchilar foyda ko‘rgan — yaqin tarixdagi achchiq tajribalar bunga misol.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter