«Effect.uz» vakili Milliy gvardiya xodimi talabini bajarmagani uchun javobgarlikka tortilgan – manba
«Effect.uz» sayti xodimi Elyor Tojiboyev shu yilning fevral oyida ma’muriy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. Manbaga ko‘ra, u Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning (MJTK) 1941-moddasi 1-qismida (Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Voqelikka ko‘ra, E.Tojiboyev o‘tgan yilning 17-noyabr kuni Farg‘ona viloyati sudiga kelib, o‘zini «Effect.uz» axborot agentligi jurnalisti ekanini aytib, bir fuqaroga oid jinoyat ishi ko‘rilishida audio va video tasvirga tushirigan holda ishtirok etishini bildiradi. Bunga javoban, sudya yordamchisi, bu masala sud protsessida taraflarning fikrini olgan holda sud majlisiga raislik etuvchining ruxsati bilan hal etilishi aytadi. Biroq E. Tojiboyev o‘sha joyda video kamerasini yoqib, «menga hech kim qarshilik qilaolmaydi», deya o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi 2-alohida otryadi 1-guruh safdor xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, sud binosining kirish joyida o‘rnatilgan to‘siqdan (turniket) oshib o‘tib, ichkariga kirib ketadi...
Sud qarorida qayd etilishicha: «...E.Tojiboyev ishni ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida belgilangan tartibda chaqiruv xatlari yuborgan bo‘lsa-da, sud majlisiga kelmagani bois... ish uning ishtirokisiz» ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, «... u sodir etgan huquqbuzarlik jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari hamda ish materiallarida mavjud bo‘lgan va sudda tekshirilgan bayonnoma hamda boshqa hujjatlar bilan to‘liq» tasdiqlangan.
Sud qaroriga nisbatan E. Tojiboyev shikoyat bergan-bermagani xususida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, «Effect.uz» sayti xodimlari (jumladan, E. Tojiboyev) shu yilning yanvar oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi faoliyatiga oid lavha tarqatishi ortidan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. Mazkur holatni «...jurnalist odobiga zid xatti-harakat, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan ochiq tajovuz va hurmatsizlik», deya baholagan Sudyalar oliy kengashi vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab, Bosh prokurorga taqdimnoma kiritadi.
Surxondaryo viloyati Termiz tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 236 va 219-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Olib borilgan tergov harakatlari jarayonida jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan «Effect.uz» axborot agentligining 2 nafar muxbiri va 1 nafar ayol ko‘plab marotaba tergov organiga rasman chaqirtirilgan bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra kelishdan bo‘yin tovlashgani ortidan ularga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi belgilanadi.
Joriy yilning 10 mart kuni qo‘llanilgan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan «munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat» tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartiriladi.
Ayni paytda «Effect.uz» xodimlariga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakuniga yetgan.
E. Tojiboyev va boshqalarga oid jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rib chiqilishi arafasida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter