DXX bir guruh shaxslarni qo‘lga oldi
DXX joylarda noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘ydi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyatidagi tumanlardan birining fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazi direktori «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash institutining Samarqand filiali xodimi hamda mashina traktor parki rahbari bilan kelishgan holda, o‘zining turmush o‘rtog‘i nomidagi fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonidan 4 gektarini issiqxona qurib, gulchilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda markaz direktori xizmat xonasida so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Samarqand viloyatida kuzatilgan yana bir holatda esa Samarqand shahrida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘i nomiga 2020 yilning iyul oyida elektron-onlayn auksion orqali Jomboy tumanidagi 2 gektar yer maydonini 2 yil muddatda 1 mlrd. so‘m miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan bino va inshootlar qurish majburiyatini olgan holda sotib oladi.
U mazkur hududda qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini qayta ishlash faoliyatini yo‘lga qo‘yishi lozim bo‘lgan, lekin amalda hech qanday ish bajarilmagan.
Muqaddam ichki ishlar va soliq idoralarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan mazkur shaxs ushbu yer maydonini sotishga vakolati bo‘lmasada, uning 40 sotixini xokimiyatdagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib, xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 19,5 ming AQSh dollari so‘raydi.
U oldindan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, uning katta miqdordagi pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘ladi.
Firibgar shaxs unga Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga ajratilgan 1,41 gektar yer maydonining 50 sotix qismini mansabdor tanishlari orqali ajratib, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qiladi va evaziga 37 ming AQSh dollari so‘raydi.
U so‘ralgan puldan avans sifatida 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX Toshkent shahar boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limining sobiq mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, tumanning «Qoratepa dasht» qishlog‘ida joylashgan 1 gektar yer maydonini xokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 29 ming AQSh dollari so‘raydi.
DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 22 ming AQSh dollari hamda 58,3 mln. so‘m pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tumani hokimligining qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zining boshqaruvida bo‘lgan fermer xo‘jaligi balansidagi 9 gektar suvli yer maydonini 9,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Navoiy viloyatining Navbahor tumanida istiqomat qiluvchi ikki fuqaro mahalliy tadbirkor ishonchiga kirib, unga mazkur tumanda faoliyat yurituvchi xususiy korxonaga baliqchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 2,6 gektar yerni hamda tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 4,78 gektar yerni tegishli hujjatlarini rasmiylashtirgan holda olib berish evaziga 135 mln. so‘m talab qilishadi.
DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular so‘ralgan puldan 100 mln. so‘m hamda 3 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter