Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX korrupsiyaga aralashgan mansabdorlarni ushladi

DXX korrupsiyaga aralashgan mansabdorlarni ushladi

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari mahalliy MChJ rahbarini tosh maydalash sexi faoliyatini amalga oshirishda «Sirdaryo» suv iste’molchilari uyushmasi hududiga tosh-shag‘al to‘kib, qishloq ho‘jaligi ekin maydonlariga zarar yetkazganligi uchun 232 mln so‘m jarima dalolatnomasi rasmiylashtirish bilan qo‘rqitadi va jarima solmaslik evaziga undan 5 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur mansabdor shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Boshqa holatda esa Sirdaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs mahalliy MChJlardan biri tomonidan 2020 yil uchun 230 mln so‘m ortiqcha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini ushbu jamiyat hisob raqamiga qaytarib berish evaziga, uning hisobchisidan 1000 AQSh dollari va 900 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi. 

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi suv iste’molchilari uyushmalaridan birining raisi mahalliy fuqaroning ishonchiga kirish orqali, unga uyushma hududidan g‘allachilikka ixtisoslashgan 3 gektar suvli hamda 20 gektar lalmi yer maydonlarini bir mavsum mobaynida dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun berish evaziga 50 mln so‘m talab qiladi. 

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Buxoro viloyati Buxoro tumanida yashovchi fuqaro aldov yo‘li bilan o‘zganing  ishonchiga kirib, unga mazkur tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 10,8 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, evaziga 23.500 AQSh dollari so‘raydi.

DXX va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi. 

Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi shaxs muqaddam o‘zi rahbarlik qilgan fermer xo‘jaligining hozirda tuman hokimligi zaxirasiga olingan yer maydonining 50 sotixini tanishlari orqali issiqxona qurish va sholichilik bilan shug‘ullanish uchun ajratib berish evaziga mahalliy fuqarodan 10 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming dollarini olgan vaqtida DXX va Departament xodimlari tomonidan ushlandi.   

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring