Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat Rasul Kusherbayev sudga chaqirildi

Deputat Rasul Kusherbayev sudga chaqirildi

Foto: «Xabar.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «yangiyo‘llik tadbirkor ishi» bo‘yicha sudda qo‘shimcha guvoh sifatida so‘roq qilingani aytilmoqda. Bu haqda huquq faoli Aburahmon Tashanov feysbukdagi sahfasida ma’lum qildi.

U avvalgi postlaridan birida faol deputat Rasul Kusherbayevning boshida qora bulutlar aylana boshlagani haqida yozganini, o‘shanda yangiyo‘llik tadbirkorning hibsga olingani va uning deputatga qarshi ko‘rsatma berishga majburlangani haqida bayon etganini bildiradi.

Qayd etishicha, bugungi kunda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani sudida o‘sha tadbirkor Javohir Zokirjonov ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.

«Kecha ana shu sudda Rasul Kusherbayev ham qo‘shimcha guvoh sifatida so‘raldi, sudga mahalliy nashrlar, xorijiy radiolarning muxbirlari kelishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rasul Kusherbayev avvalgi postim ortidan ko‘tarilgan ajiotaj ortidan Bosh prokuraturada so‘ralgan, ish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgan. So‘ng Bosh prokuratura Rasul Kusherbayevning deputatlik faoliyatida bosimlarga uchrayotgani xususida bir quloch raddiya bergandi.

Sud jarayonida deputat Bosh prokuraturadagi suhbatlar jarayonini aytib berdi», deb yozadi huquq faoli.

Aburahmon Tashanov o‘z postini: «Endi nima bo‘ladi? Avval yozganimizdek, deputatning boshiga yana «qora bulut»lar keladimi? Yana «kelishuv» bo‘ladimi yoki tadbirkorga nisbatan tuhmat bo‘yicha ish qo‘zg‘atiladimi? Juda kam ehtimol bilan Kusherbayevga qarshi parda ortidagi korchalonlar jazolanadimi?» kabi savollar bilan yakunlagan.

Eslatib o‘tamiz, bugun Bosh prokuratura yangiyo‘llik tadbirkor murojaati bo‘yicha bayonot bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring