«Cho‘ntak advokatlari»ga Oliy sudda ham ehtiyoj bormi?
«Cho‘ntak advokatlari»: sirlar fosh bo‘lmoqda, qiyofalar ochilmoqda...» sarlavhali maqolani o‘qib, xursand bo‘lganim rost. Chunki, og‘riqli muammo haqida boshqalar emas, O‘zbekiston advokatlar palatasi, xususan, uning rasmiy nashrida bong urildi. Demak, palata ayni muammoga barham berish choralarini ko‘rishi aniq. Ko‘rilajak choralar «cho‘ntak advokatlari» faoliyatiga jiddiy ta’sir qiladimi? Avvaldan bashorat qilish qiyin. Ammo biz duch kelgan misoldan kelib chiqilsa, jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli kamday.
Hali bir yil bo‘lgani yo‘q: o‘tgan yilning kuzagida men jamoatchi himoyachisi bo‘lgan N.Ganiyevga oid jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqildi. Ishonasizmi, sudda na sudlanuvchi, na uning bir emas, ikki nafar advokati ishtirok etdi. Ularning bu suddan xabari bo‘lmadi hatto!
Imi-jimida o‘tkazilgan protsessda sudlanuvchining himoyachisi sifatida Toshkentdagi «Himoya manbai» advokatlar hay’ati advokati B.M. ishtirok etgani zikr etilgan sud hujjatida. Qizig‘iki, sudlanuvchi bu advokatni tanimaydi, bilmaydi, umrida ko‘rmagan! Bu advokatning xizmati davlat hisobidan qoplanibdi. Sudlanuvchining bir emas, ikkita advokati, kamiga yana bir nafar jamoatchi himoyachisi bor. Shunga qaramay sud go‘yoki «mehribonlik» ko‘rsatib, xizmati davlat hisobidan qoplanadigan advokat topib berganining quvvati nimaga borib taqaladi?
Bu endi jiddiy savol.
Xullas, biz bundan norozi bo‘lib, Advokatlar palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga murojaat etdik. Boshqarma murojaatimiz yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazdi va... advokat kasb etikasi, siri va qasamyodini buzadigan birorta holatni aniqlashmadi. Bizga shunday javob berdi, hartugul. Kulgili xulosa, kulgili javob.
Qachonki biz Moliya vazirligi va boshqa organlarga murojaat qilishimiz natijasida Oliy sud o‘z ajrimini Rayosat qarori bilan bekor qilishga majbur bo‘lgach (ajrim sudlanuvchining himoya huquqi buzilgan degan asos bilan bekor qilindi!), Advokatlar palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi malaka hay’ati advokat B. M.ning «ishini» kun tartibiga qo‘yishdan boshqa chorasi qolmadi.
O‘sha «mashvarat»da biz ham ishtirok etdik.
Malaka hay’ati a’zolarini tushunish mumkin: hamkasbni muhokama etib, chora ko‘rish osonmas. Andisha degan gap bor, odamning yuzi issiq, axir?! Biroq sud yoki tergov jarayonida sodir etilgan qonunbuzarliklarni «yopib», himoyasiz mazlumlarning himoya huquqi go‘yoki ta’minlangandek qilib ko‘rsatib, bunday soxtakorlik uchun yana deng davlatdan pul olib yurgan advokatlarning aybini xaspo‘shlashga urinishni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.
Malaka hay’ati a’zolari qilar ishni qilib qo‘ygan advokat qolib, ko‘proq bizga «tashlanishsa» deng. Avvaliga barcha aybni Oliy sudga to‘nkashdi, advokat sudga qarshi borolmas emish — sud uni ishga jalb qilsa, u qatnashishga majbur, shu bois barcha e’tirozlarimizni ularga (sudga) aytishimiz kerak ekan... Yana B. M.ni «cho‘ntak advokati» deyshimiz haqorat bo‘lib, buning uchun bizga chora ko‘rilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilishdi.
Ajab, «cho‘ntak advokati» deyilishi haqorat ekan-u biroq inson taqdiri hal bo‘layotgan sudda o‘sha insonni ko‘rmay, gaplashmay, e’tirozlarini eshitmay, sudda tirik haykal bo‘lib turishi fazilat bo‘ldimi?
Xullas, advokat B.M. eng yengil chora — «ogohlantirish» oldi.
Sudyalarga shu chorayam yo‘q bo‘lsa kerak.
Fikrimcha, bunday «lo‘licha muolaja» bilan «cho‘ntak advokatlari» faoliyatiga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Chora qattiqroq bo‘lishi kerak: chunki, bunday advokatlar inson huquqlari poymol etilishiga amalda ko‘maklashadi, xolos.
Sh.Botirov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter