Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chet elga o‘qishga yuboraman deb pul olgan shaxs ushlandi

Chet elga o‘qishga yuboraman deb pul olgan shaxs ushlandi

Foto: «Finance-pravo.ru»

Buxoroda maktab bitiruvchisini Rossiya Federatsiyasidagi Moskovskiy mejdunarodniy universitetga o‘qishga yuborish va uni oliygohga imtihonsiz qabul qildirib berishini va’da kilgan shaxs jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrida o‘quv markazi faoliyati 2018-yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur MChJ ta’sischisi Nurbek Ikromov hamda direktori Mansur Hamidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) fuqarolardan 2 million 500 ming so‘mdan 6 million so‘mgacha pul undirish evaziga ularni turli xorij oliy o‘quv yurtlariga noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga yuborish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Ular Shofirkon tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchisi Jamshid Xolmurodovni 11-sinfni tamomlamagan bo‘lsa-da, uning 9-sinfni tamomlaganlik to‘g‘risidagi tayanch shahodatnomasini Rossiya Federatsiyasidagi Moskovskiy mejdunarodniy universitetga o‘qishga kirishi uchun nostrefikatsiya qilib berishni va’da qilishgan. Bitiruvchidan mazkur universitetga imtihonsiz qabul qilinishini va’da qilib undan 4,5 million so‘m pul talab qilishgan.

Maktab bitiruvchisi J.Xolmurodov o‘quv markaz faoliyatining qonuniy faoliyatiga shubha qilib, joriy yilning 3- sentyabr kuni huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilgan. Shu kuni DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti viloyat boshqarmasi operativ-tergov guruhi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Ushbu jarayondagi o‘rganish holatlariga ko‘ra, o‘quv markaz mas’ullarining, haqiqatan ham, viloyat xududidagi mahalliy fuqarolarni xorijiy oliy o‘quv yurtlariga turli noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga yuborish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani aniqlangan.

4-sentyabr kuni Nurbek Ikromov hamda Mansur Hamidovlar maktab bitiruvchisi Jamshid Xolmurodovdan talab qilingan 4,5 million so‘m mikdoridagi pullarni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, tadbir davomida o‘quv markaz binosi ko‘zdan kechirilganida, 40 dona «ishonchnoma», 45 nafar fuqarolarning pasport nusxasi, shuningdek, 8 dona attestat va kollej diplomlari ashyoviy dalil sifatida protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring