Buyog‘i nima bo‘ladi: Guljahon Yo‘ldosheva ozodlikka chiqariladimi?
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning hibsga olinishiga oid shov-shuvlar yangi bosqichga chiqdi.
Ayniqsa, voqelikka Senat raisi, shuningdek qator davlat va jamoat arboblari, jumladan Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirganidan keyin jamoatchilikda bitta savol tug‘ilgani rost: bu yog‘i nima bo‘ladi, bosh shiforkor ozodlikka chiqadimi?
Bu borada aniq gap aytish qiyin, albatta. Chunki, bu sud vakolati doirasiga kiradigan masala. Biroq voqelik bo‘yicha bildirilayotgan munosabatlarda asosiy e’tibor prokuraturaga qaratilayotir. To‘g‘ri, jinoyat ishi prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari ham shu organ tomonidan olib borilmoqda. Shuningdek, G. Yo‘ldoshevaga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasini qo‘llash tashabbusi ham prokuraturaga tegishli. Ammo ayblanuvchi sud ajrimiga asosan qamoqqa olingan! «Qamoqqa olish» ehtiyot chorasini qo‘llash vakolati prokuraturadan sudga o‘tkazilganiga oz vaqt bo‘lgani yo‘q. Demak, olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasi bo‘lgan bosh shifokorni hibsda saqlash masalasida oxirgi nuqtani sud qo‘ygan. Uni ochiqqa chiqarish ham sud vakolatidagi masala ekani ham o‘z-o‘zidan ayon.
Prokuratura sudga bosim o‘tkazgan bo‘lishi mumkinmi?
Bu savolga «ha!» deya baralla javob berish qiyin. Birinchidan, bunga inkor etib bo‘lmas dalilning o‘zi yo‘q. Qolaversa, ayni savolni birorta sudyaga bersangiz og‘zingizdan chiqqanini yoqangizga yopishtirishi mumkin: nimalar deyapsiz, sud – mustaqil organ, faqat va faqat qonunlarga asosan ishlaydi! Bunday javob esa navbatdagi savolni tug‘diradi: ayollarga nisbatan qonunchilikda yengilliklar yo‘qmi, xususan, olti nafar voyaga yetmagan farzandning onasiga?
Mazkur savol javobi jinoyat ishi tafsilotlari ochiqlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq ayni paytda buning iloji yo‘q. Zero, tergov harakatlari davom etmoqda. Ayni jarayonda ayblovlarning muhokama qilinishiga qonun izn bermaydi. Qolaversa, asosiy bahs-munozaralar G. Yo‘ldoshevaga nisbatan e’lon qilingan ayblovlar haqida emas, balki unga nisbatan qo‘llangan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi xususida ketmoqda.
G. Yo‘ldosheva esa joriy yilning 8 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Chirchiq shahar sudi ajrimiga asosan qamoqqa olingan. Unga nisbatan qo‘llangan ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha berilgan apellatsiya shikoyati esa 14 sentyabr kuni JIB Toshkent viloyati sudida rad etilgan. Demak, ehtiyot chorani o‘zgartirish masalasida prokuraturaga emas, sudga murojaat qilish talab etiladi. Olinda yana bir instansiya – Oliy sud bor.
Eslatib o‘tamiz, G. Yo‘ldoshevaga nisbatan qo‘llangan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi masalasida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G. Marufova jiddiy tashvish bildirgan bo‘lsa, Oliy Majlis Senatining sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov Bosh prokuratura rasmiylariga «...ayblanuvchining ochiqda qoldirilishi dastlabki tergovga halal bermaydigan bo‘lsa», unga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasini garov, shaxsiy kafillik yoki uy qamog‘i tarzidagi, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirishni tavsiya qilgani xabar qilingandi.
Ayni paytda hibsda saqlanayotgan Guljahon Yo‘ldosheva Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori vazifasida ishlab kelgan paytda bir fuqaroning COVID-19dan vafot etishiga sababchi bo‘lishda va 250,8 mln so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinishida ayblanayotganidan xabaringiz bor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter