Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda xotinini shafqatsizlarcha o‘ldirgan erkak 15 yilga qamaldi

Buxoroda xotinini shafqatsizlarcha o‘ldirgan erkak 15 yilga qamaldi

Foto: «Xabar.uz»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 22 yil davomida turmush o‘rtog‘ining zo‘ravonligi va tazyiqi ostida umr kechirib kelgan ayolga ikki marotaba «Himoya orderi» berilgan bo‘lgan.

Qorako‘l tumanidagi Mirzaqal’a qishlog‘ida 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro B.B. shu qishloqda yashovchi Z.H. bilan 2000 yilda turmush qurgan. Ularning 3 nafar farzandlari bo‘lib, oilada o‘zaro janjal va kelishmovchiliklar chiqib turgan. Mahalla faollari, hudud inspektorlarining juda ko‘p marotaba ogohlantirishiga qaramay, B.B. xotini Z.H.ga doimiy zulm va tazyiqlar o‘tkazib kelgan. O‘rtada uch nafar farzandi borligi uchun Z.H. sabr va chidam bilan yashashga majbur bo‘lgan. Biroq, 2022 yilning noyabr oyida ayol turmush o‘rtog‘ining xonadonini tark etib, bolalarini ham o‘zi bilan olib, ota uyiga qaytgan. Rasman ajrashib ketishmagan bo‘lishsa-da, B.B. xotinini qayerda uchratsa, kuch ishlatib, urib, so‘kib kelgan.

Shundan so‘ng Z.H.ga o‘z huquqlarining himoyalanishi uchun 2023 yilda ikki marotaba «Himoya orderi» berilgan.

«Himoya ordering senga nima berardi?! Huquqlaring bilan birga yerga ko‘maman seni!» — deya po‘pisalanib kelishda davom etavergan B.B.

Oradan bir necha oy o‘tgach, yoz kunlarining birida B.B. xotini va bolalari yashab kelayotgan hovliga borgan. Biroq, xotinining opasi K.H.ning uyiga mehmonga ketganini so‘rab olgan va kechki paytda o‘sha manzilga borgan. Bu paytda xotinining opasi, pochchasi hamda bolalari hovlida yurishgan bo‘lgan. B.B. xotini Z.H.ni chaqirib olgan va undan nikoh guvohnomasini berishini talab qilgan.

Z.H. esa nikoh guvohnomasi nusxasi hudud inspektorida ekanini, asl nusxasini esa yoqib yuborganini aytgan. Eridan bu yerga boshqa qaytib kelmasligini, jaljal ko‘tarsa, ichki ishlarga murojaat qilishini bildirgan. Bundan jahllangan B.B. xotini Z.H.ni nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagan. Devor chetida yotgan salkam 2 metrli qalin yog‘och bo‘lagini olib, uning ortidan quvgan. Z.H. qo‘rqib qochgan va kutilmaganda depsinib tushib, yerga yiqilgan. Bu paytda B.B. qo‘lidagi yog‘och tayoq bilan Z.H.ni uch nafar farzandlari ko‘z oldida ayovsiz kaltaklagan.

Bolalarning «yordam beringlar, otam onamni urib o‘ldiryapti!» — degan baqir-chaqirlarini eshitib, holat joyiga Z.H.ning opasi va pochchasi yetib kelishgan. Pochchasi kuch ishlatib, B.B.ning qo‘lidagi yog‘och tayoqni olgan va holatdan ular sarosimaga  tushib qolishgan. B.B. esa voqea joyidan qochib ketishga ulgurgan.

Z.H.ning bosh qismining chap tomon ko‘z, yuz, burun va jag‘ sohalariga bir necha marotaba hayoti uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar yetkazgan. Tanasining turli sohalariga o‘ta shafqatsizlik bilan bir necha marotaba urib, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilgan.

Tez tibbiy yordam xodimlari kelib, Z.H.ning vafot etgani yuzasidan ko‘rsatuv berishgan.

«O‘z aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan B.B.ga nisabatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, 97-moddasi, 2-qismining «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilgan va unga shu modda bilan 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. B.B. tayinlangan jazoni umumiy koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi»,—deydi Boborahim Ochilov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring