Bosh prokuratura: shu yilning o‘zida 737 nafar shaxs oqlandi
Bugun, 24-dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mas’ul xodimlarining ommaviy axborot vositalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. «Xabar.uz» muxbiri yozishicha, matbuot anjumanida «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innavatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat Dasturi»ing Bosh prokuratura mas’ul bo‘lgan bandlari ijrosining dastlabki natijalari xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev boshchiligida tizimning qator tarmoqlari rahbarlari ishtirok etdi.
Bir yarim soatga mo‘ljallangan tadbir naq uch soat davom etdi. Bundan tadbirning biror ishtirokchisi ajablanmagan bo‘lsa kerak. Strategiyani amalga oshirishga oid davlat Dasturining 63 ta bandida ko‘rsatilgan vazifalarga mas’ullik Bosh prokuratura zimmasiga yuklatilgan. Ularning har biriga qisqacha to‘xtalib o‘tishning o‘ziga chamalangan vaqt yetmasligi tadbir boshidayoq ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Natijada tadbir formati biroz o‘zgartirilib, Bosh prokuratura tarmoq rahbarlarining chiqishlari qisqartirildi. Bu savol-javoblarga ko‘proq o‘rin berish imkoniyatini yuzaga keltirdi.
Bosh prokuror o‘rinbosarining bayonotiga ko‘ra, joriy yilda birgina davlat boshqaruvi organlari tizimini tubdan takomillashtirish, ijro etuvchi hokimiyat organlarining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi qayta ko‘rib chiqilishi natijasida 86 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, qabul qilindi. Bunda Bosh prokuratura bevosita ishtirok etdi, deyishning o‘zi kam. Zero, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash ozmuncha mashaqqat talab etmaydi. Loyiha qabul qilinguncha bir necha chig‘iriqlardan o‘tishi inboatga olinsa, ular ustida qilingan mehnatni tasavvur qilish qiyin emas. Yana aytildiki, yil buyon boshidan buyon prokuratura organlariga fuqarolardan turli masalalar yuzasidan 264 260 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 41 434 tasi qanoatlantirilgan. Ko‘plab murojaatlar yuzasidan berilgan huquqiy tushuntirishlar bu hisobga kirmaydi. Shuningdek, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va erkinliklariga daxl qiluvchi hujjatlarga nisbatan 21 212 ta protest, 16 090 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada 90 143 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Bundan tashqari, nazorat tadbirlari jarayonida qariyb 40 mingta intizomiy va ma’muriy ishlar, qo‘pol qonunbuzilishlar yuzasidan 1 245 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov jarayonida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 1 trillion 832 milliard so‘m zarar undirilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosarining mamnuniyat bilan ta’kidlashicha, shu yilning o‘tgan oylari davomida prokuratura aralashuvi bilan 737 nafar shaxs oqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter