Bosh prokuratura advokatlar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rov natijalari yuzasidan bayonot berdi
Joriy yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi advokatlar Palatasi rasmiy saytida advokatlar faoliyatiga tazyiq o‘tkazish va qonun buzilishi holatlari yuzasidan o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalari e’lon qilinib, xususan, kasbiy faoliyati davomida advokatlarning huquqlari surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar tomonidan muntazam buzilayotganligi haqida tahliliy ma’lumotlar bayon qilingan.
Unda 3553 nafar advokat, ya’ni respublikada faoliyat yuritayotgan advokatlarning 91% ishtirok etgan, deb qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur so‘rovnoma natijalari yuzasidan bayonot berdi.
«Bugungi kunda davlatimizda advokatlarning maqomi va protsessual vakolatlarini kengaytirish, ularning daxlsizligini ishonchli ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida anonim so‘rovnoma natijasida e’lon qilingan raqamlar jiddiy shubha uyg‘otadi.
Masalan, o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalarida advokatlarga himoya ostidagi shaxs bilan uchrashishga to‘sqinlik qilinishi holatlari surishtiruv jarayonida 461 tani, tergov davomida esa 328 tani tashkil etadi, deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, amaldagi qonunchilikka binoan, advokat surishtiruv yoki tergov jarayonida himoya ostidagi shaxs bilan jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning ruxsatisiz, uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda holi uchrashishga haqli.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBBning rasmiy ma’lumotlariga binoan, o‘tgan 2018 yilning o‘zida tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarida advokatlarning o‘z himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlari soni 29 766 tani tashkil etgan.
Shuningdek, anonim so‘rovnoma natijalarida himoya ostidagi shaxslar bilan uchrashish uchun maxsus xonalar mavjud emasligi yuzasidan 597 ta advokat e’tirozi qayd etilgan bo‘lsada, amalda respublikaning tergov hibsxonalari va yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasalarining har birida maxsus advokat xonalari (32 ta muassasada – 69 ta advokat xonasi) ajratilgan.
Shuningdek, har qanday tazyiq holatlarining oldini olish maqsadida tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining barchasi videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangan.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda advokatlarga o‘z faoliyatlarini erkin va to‘la amalga oshirishga to‘sqinlik qilish, buzilgan huquqlari yoki sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan tegishli tartibda murojaat qilish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.
Bu borada e’lon qilingan anonim so‘rovnoma natijalarida tergov organlari xodimlari tomonidan advokatga nisbatan haqoratli, kamsitadigan munosabatda bo‘lish holatlari 209 tani tashkil etadi, deb ko‘rsatilgan bo‘lsada, o‘tgan 2018 yilda respublika miqiyosida prokuratura organlariga advokatlardan o‘ziga nisbatan haqoratli va kamsituvchi munosabatda bo‘linganligi holati yuzasidan 2 ta murojaat kelib tushgan va qonuniy tartibda ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, anonim so‘rovnomada ishtirok etgan advokatlar tomonidan advokatga nisbatan jismoniy ziyon keltirish to‘g‘risida tahdid qilishning 208 holati mavjud, deb qayd etilgan bo‘lsada, 2018 yil davomida prokuratura va ichki ishlar organlariga bunday mazmundagi bironta ham rasmiy murojaat kelib tushmagan.
Ta’kidlash zarurki, ochiq va qonuniy murojaat mexanizmi mavjud sharoitda advokatlar tomonidan ularga nisbatan muntazam tazyiq va ta’qib bo‘layotgani haqidagi e’tirozlarning anonim so‘rov shaklida e’lon qilinishining o‘zi kasbiy va axloqiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq emas.
Shu bilan birga mazkur so‘rovnoma asosida bayon etilgan ma’lumotlar qonunni qo‘llash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanadi.
Kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi va tazyiq o‘tkazilishi holatlariga bevosita duch kelgan advokatlar Bosh prokuraturaga murojaat qilishlari so‘raladi» deyiladi bayonotda.
Advokatlarning bunday mazmundagi har bir murojaati shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nazoratida individual va shaffof tartibda ko‘rib chiqilib, qonuniy baho berilishi qat’iy ta’minlanishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada «Advokatnews» saytida advokatlar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rov natijalari e’lon qilingan edi. Ushbu manbaga tayangan holda so‘rov natijalari boshqa saytlarda ko‘rinish bergan edi. Biroq ko‘p o‘tmay ular barcha saytlardan olib tashgani kuzatildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter