Bojxona xodimiga 9400 dollar pora taklif qilingan
Bojxona organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ushbu illatga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda.
Davlat bojxona qo‘mitasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida, davlat budjetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida bojxona xodimiga pora berishga uringan shaxsning kirdikorlari fosh etildi.
Ushbu shaxs tomonidan muqaddam respublikamizga 1 ta konteynerda tovar-moddiy boyliklar olib kirilganida, ma’lumotlar va yuklar o‘rtasidagi tafovutlar sabab, konteyner Farg‘ona viloyatidagi manzil bojxona postiga qadar bojxona kuzatuvi ostida yetkaziladi, belgilangan tartibda bojxona ko‘rigi o‘tkaziladi va bu jarayonda 800 mln so‘mlik tovarlar yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagani fosh bo‘ladi hamda belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.
Bojxona nazoratining bu kabi shakllari, tabiiyki, tadbirkorning bojxona xodimlari ko‘zini shamg‘alat qilish imkonini bermasdi. Shu bois keyingi gal yuklarni olib kirishda ushbu shaxs bojxona to‘lovlaridan qochishga urinib, bojxona xodimlarini yo‘ldan og‘dirish rejasini tuzadi.
2020-yilning dekabr oyida bojxona xodimlaridan birining telefon raqamlarini topib qo‘ng‘iroq qiladi va uchrashib gaplashib olishni taklif qiladi.
O‘zaro uchrashishganida esa ushbu shaxs tez kunlarda unga tegishli konteynerlar xorijdan yetib kelishini va mazkur konteynerlarni bojxona postiga o‘rnatilgan inspeksion ko‘rik majmuasi orqali skanerdan o‘tkazmaslikni hamda «Xavfni boshqarish tizimi»da xavf guruhiga kiritmaslikni so‘raydi. Aks holda ushbu konteynerlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi mumkin edi. Shu sababli, notanish shaxs bojxona xodimiga pora taklif qiladi.
Ammo o‘z ishiga vijdonan yondoshgan bojxona xodimi kasbiga sadoqat namunasini ko‘rsatib, belgilangan tartibga muvofiq zudlik bilan bu haqida o‘z rahbariyatini xabardor qiladi. Shundan so‘ng pora taklif qilgan shaxsning jinoiy harakatlarini fosh qilishga qaratilgan reja-topshiriq ishlab chiqiladi.
2021-yil yanvar oyining boshlarida «tadbirkor» bojxona xodimiga jami 9400 AQSh dollari va 1 dona qimmatbaho qo‘l soatini pora tariqasida beradi. Tezkor tadbir aynan shu yerga kelganida tugatilishi mumkin edi, ammo bu vaqtda konteynerlar hali O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelmagani bois tezkor tadbirning ikkinchi bosqichiga start beriladi.
2021-yilning 14-15 yanvar kunlari kutilgan 3 ta konteyner «Chuqursoy texnik idora» chegara-bojxona posti orqali respublikamizga kirib keladi va belgilangan tartibda inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechiriladi.
Tabiiyki, konteynerdagi yuklar bilan ularga tegishli hujjatlar o‘rtasida tafovutlar aniqlanadi hamda chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazish belgilanadi.
Yuklarni bojxonada rasmiylashtirish uchun yuk egalarining xohishiga binoan konteynerlar Farg‘ona viloyatidagi «Qo‘qon» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltiriladi. Ushbu postga yetgunga qadar konteynerlar bojxona plombalari bilan muhrlangan holatda bo‘ladi va ularni yo‘l davomida ochish mumkin emas.
Lekin konteynerlar Dang‘ara tumanidagi qishloqlardan biriga keltirilgach, ko‘zdan pana joyda ulardagi plombalarga shikast yetkazilmagan holatda ochiladi hamda konteynerdagi qiymati baland bo‘lgan tovarlar – velosipedlar va ularning ehtiyot qismlarini qiymati past bo‘lgan boshqa tovarlarga almashtirishayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan fosh qilinadi.
Shuningdek, bu yerda konteynerning temir asoslarini kesib ochishda foydalanilgan moslamalar, bunda qirilgan va rangi ko‘chgan qismlarni bo‘yash uchun bo‘yoq va boshqa ashyoviy dalillar ham olindi.
Shunday qilib, voqea joyida tezkor xodimlar tomonidan qiymati 4 mlrd 160 mln so‘mlik 2200 dona bolalar, 800 dona kattalar, 327 dona turli o‘lchamdagi velosiped tovarlari, velosiped ehtiyot qismlari va boshqa tovarlar, shuningdek, pora tariqasida taqdim qilingan 9400 AQSh dollari va 1 dona qo‘l soati holatga aniqlik kiritilgunga qadar huquqbuzarlik ashyosi sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter