«Bek To‘pi» bozorining sobiq rahbari hibsxonada vafot etdi. Bosh prokuratura izoh berdi
Qator nashrlarda 30-mart kuni Toshkentda «Piyoz ishi» doirasida sudlanayotgan bozorqo‘mlardan biri — «Bek To‘pi» bozori sobiq rahbari 57 yashar Shukrillaxon Ergashev tergov izolyatorida vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
«Kun.uz» ushbu ma’lumotga oydinlik kiritishni so‘rab, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova bilan bog‘langan.
Uning bildirishicha, 2019 yil 30 mart kuni soat taxminan 12:20larda O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBBga qarashli 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 06.02.2019-yildan boshlab hibsxonaning Davolash-profilaktik yordam ko‘rsatish bo‘limida «Yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya-2, AG-2, qandli diabet kasalligi 2-darajasi» tashxisi bilan davolanayotgan mahbus Sh.E. (Shukrillaxon Ergashev - tah.) «O‘tkir miokard infarkt, o‘tkir yurak qon tomir va o‘pka yetishmovchiligi» tashxisi bilan vafot etgan.
«Mahbus E.Sh.ning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Hozirda ushbu holat bo‘yicha Qamoqqa olinganlarni saqlash va jazoni ijro etish joylarida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha Toshkent prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda», — deya xabar qildi S.Rahmonova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ergashev tergov davomida davolanishda bo‘lgan. Unga nisbatan ekspertiza tayinlangan, u uni tergovga jalb qilish imkoni haqida xulosa bergan, ehtiyot chorasini o‘zgartirishga qonuniy asoslar bo‘lmagan — taxminan 4 mlrd so‘m miqdoridagi zarar qoplanmagan.
Shuningdek, qayd etilishicha, Shukrillaxon Ergashevning advokatlar va yaqinlari bilan uchrashishiga keng imkoniyat yaratib berilgan.
«Uning o‘zi kasal bo‘lgan, lekin tergov va sud organlariga qarindoshlari yoki o‘zidan ehtiyot chorasini o‘zgartirish yoxud yetkazilgan ziyonni qoplash to‘g‘risida iltimosnoma kelib tushmagan», — degan mahkama matbuot xizmati rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning avgust oyida Toshkentdagi yirik bozorlarning rahbarlari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Oradan bir necha oy o‘tib, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» AJ bo‘lim boshlig‘i Dilshod Abdullayev hibsxonada vafot etgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter