Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ayol suddan o‘g‘lini emas, erini ozod qilishni so‘radi

Ayol suddan o‘g‘lini emas, erini ozod qilishni so‘radi

Illyustrativ surat

Voqelik qayerda, qachon sodir bo‘lgani, qolaversa, ayol va uning yaqinlari nomi-yu a’molini yozish shart emasday. Muxtasar aytsak, ayol farzandi dastida kuygan onaizorlardan biri. Oilasi boshiga tushgan savdolardan bir burdagina bo‘lib qolgan: er qamoqda, o‘g‘il qamoqda... U yog‘ini so‘rasangiz sho‘rlikning boshpanasi ham yo‘q. Hammasiga o‘g‘li sababchi!

O‘g‘li birinchi marta qamalayotgani yo‘q. Ilgari ham uch bor «o‘tirib» chiqqan. Bunisi — to‘rtinchisi. To‘rt bor sudning qora kursisiga yetaklab kelgan sabab bitta: o‘g‘ilning firibgarligi. Avvalgi sud-tergovlarda noqobil farzand chuv tushirgan odamlarning pulini berish uchun bor-budini sotishdi. Shundayam burniga suv kirmagan bola «eski hunari»ni davom ettiraverdi, ettiraverdi... Oxirgi safar aldangan odamlar otani qisdi-qafasga olishdi. Noiloj ota ularga tilxat yozib berdiki, bolam emas, men qarzdorman, falon muddatda hammasini to‘layman, deb... Muddat ikki bor o‘tdi, biroq va’da amalga oshmadi. Natijada haqdorlar tegishli organga murojaat etishdiki, oqibatda o‘g‘ilga qo‘shib, ota ham jinoyatga sherik sifatida hibsga olindi. Insof yuzasidan aytish kerak: haqdorlar ularning qamalishini xohlashgani yo‘q. Yetkazilgan moddiy zarar qoplansa, bas. Zararni qoplashga esa imkoniyat topilmadi: ota-bola bir necha yilni «olib» ke-yetishdi. Toki, zararlar qoplanmas ekan, hali-veri ozodlikdan umid qilmasayam bo‘ladi.

Suddan keyin ham murodi hosil bo‘lmagan jabrlanuvchilar nima qildi? Ayrimlari puliga emas, kuniga kuyayotganini his etib, sabr qilgan bo‘lsa, ba’zilari Majburiy ijro byurosi xodimlari yordamida mahkumlarning xonadonidagi qo‘lga ilingulik narsalar sotuvidan tushgan pulga qanoat qilishdi, ayrimlari esa... uyini buzib, undan chiqqan ashyolarni pulga chaqib, olib ketishdi! Bu hol mahkumlarning holatini biroz yengillashtirgan bo‘lsa-da, onaizorning ko‘chada qolishiga olib keldi.

...Ayol Oliy sud rahbariyati viloyatda o‘tkazayotgan sayyor qabulga ishonchdan ko‘ra katta ilinj bilan kelganini bir qarashdayoq ilg‘ash qiyin emasdi. Arzini tinglagan sud peshvolari darhol ota-bolaning «delo»sini chaqirtirdilar. Qaraldiki, sud hukmini o‘zgartirishga asos borday: zararning aksariyat qismi qoplanibdi (haqdorlar uyni buzib ketishi hisobiga bo‘lsa-da!), bu ularning ikkisini ham ozod etishga kamlik qiladi, albatta. Biroq bir vaqtning o‘zida bir oiladan ikki boquvchining qamoqda o‘tirishi... insoniylik tamoyillariga ko‘pam to‘g‘ri kelavermaydi-da. Demak, ota-boladan biriga tayinlangan jazoni ozodlikdan mahrum qilish bo‘lmagan turiga o‘zgartirish mumkin.

Onaxondan so‘raldi: «O‘g‘lingizni chiqaraylikmi yoki eringizni?»

Ayol ortiqcha o‘ylab o‘tirmadi: «Erimni!»

Kutilmagan javobdan qabuldagilar bir qalqib tushdi. Biroq «nega?» degan savol o‘sha paytda ortiqcha edi. Kim bilsin, ona — o‘z nomi bilan ona, ammo pichoq suyakka qadalgach, kuydirmajon bolaga nisbatan mehr ham sovib ketadi, chog‘i. Yoki yosh bir joyga borgach, o‘g‘ildan ko‘ra ko‘z ochib ko‘rgan insoni ayol kishi uchun posbonligicha qolaverishining isboti ekanmi bu? Yoxud har qanday nozik jins vakilasi nobakor o‘g‘ildan ko‘ra erning oldida o‘zini xotirjamroq his etishining belgisimikan bu javob? Qaydam, qaydam...

...O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida firibgarlikda ayblanib, ozodlikdan mahrum etilgan ota-bolaga oid jinoyati ishining otaga tegishli qismi nazorat tartibida (sudyalar: I.Rahmonqulov, X.Qosimov, B.Mo‘minov) ko‘rib chiqildi. Otaga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining o‘talmay qolgan qismi ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirilib, mahkumning tegishli muassasadan darhol ozod qilinishi haqida ajrim qabul qilindi.

Ajrimni qattiq yig‘i bilan qarshi olgan ayol hujjatni qo‘liga olasola yo‘lga tushgani aniq. Eriga peshvoz chiqadigan o‘zidan boshqa hech kim yo‘q, axir?!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring