Avval kechirilgan ayol to‘g‘ri xulosa chiqarmadi
Samarqand viloyatida yashovchi qizni Turkiya davlatining Istanbul shahrida fohishalik bilan shug‘ullanish orqali moddiy mablag‘ orttirishni taklif qilgan ikki ayol ushlandi.
Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2021-yil 29-yanvar kuni 28 yoshli Shoira N. va 32 yoshli Nilufar R.lar «Muxlisa» ismli shaxsga Istanbul shahriga borish uchun barcha yo‘l kira va boshqa xarajatlarini to‘lab berishlarini va’da qilib, jinoiy sheriklari – hozirgi kunda Turkiya davlatida yashovchi Nargiza G. ismli shaxsning oldiga «Islom Karimov» nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti orqali yuborayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Shoira N. va Nilufar R.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 135-moddasi 2-qismi «ye» bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov davomida, fuqaro Shoira N., muqaddam shu kabi sodir qilgan xatti-harakatlari tufayli, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi) bilan sudlanib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, afv etilganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur fuqarolar muqaddam ushbu turdagi jinoyatlarni sodir qilib, yurtdoshlarimizni chet elga shahvoniy niyatlarda yuborgan holatlari bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter